17:44 / 26.01.2022
6043

O‘zbekiston 2021 yil Xitoyga qariyb 100 million dollarlik mosh eksport qilgan

Foto: Getty Images

O‘zbekiston Xitoyga asosiy mosh eksport qiladigan mamlakatga aylandi. O‘tgan yilgi raqamlarga ko‘ra, Xitoy import qilgan moshning 37 foizi O‘zbekistondan kirib borgan. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar bermoqda.

Xitoy mamlakat aholisi ko‘p iste’mol qiladigan yashil moshni O‘zbekiston, Myanma, Indoneziya, Avstraliya va Tailanddan import qiladi. Xitoyda moshning yillik iste’mol hajmi 2018 yil 89 ming tonna, 2019 yil 113 ming tonna, 2020 yil 205 ming tonna va 2021 yil 290 ming tonnani tashkil etgan.

O‘zbekiston Xitoyga mosh eksport qilish uchun 2018 yilda ruxsat olgan. So‘nggi to‘rt yil davomida O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi Xitoyning tegishli idoralarida yetkazib beruvchilar ro‘yxatini shakllantirish va tasdiqlash borasida «O‘zkarantin» tashkiloti bilan ishlamoqda. 2018 yil 24 ta, 2021 yil 72 ta korxona Xitoyga mosh eksport qilgan.

O‘zbekistondan Xitoyga 2019 yil 28 ming tonna, 2020 yil 75 ming tonna, 2021 yil 112 ming tonna mosh eksport qilingan. 2021 yilning o‘zida eksport hajmi qariyb 100 million dollarga yetgan. Xitoy mosh importida O‘zbekistonning ulushi 37 foizgacha o‘sdi. Shu tariqa O‘zbekiston Xitoyga asosiy mosh yetkazib beradigan davlatga aylandi.

Xabarda yozilishicha, O‘zbekiston Xitoyga quritilgan uzum yetkazib berishda ham yetakchiga aylangan. Ushbu mahsulotlar umumiy import hajmining 55 foiz ulushi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Top