09:23 / 26.01.2022
8414

Prezident Samarqand arxitektura-qurilish universiteti bo‘yicha qaror imzolashi kutilyapti

Prezidentning “Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti faoliyatini ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti deb qayta nomlanadi.

Quyidagilar universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro miqyosda tanilishi va raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida universitetni transformatsiya qilish;
  • universitetning akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqilligini ta’minlash hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
  • universitet ta’lim tizimini ilg‘or xorijiy tajribani chuqur o‘rganish va tahlil qilish asosida jahonda tan olingan xalqaro ta’lim standartlari bilan uyg‘unlashtirish;
  • universitet – tashkilot (korxona) o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik munosabatlarini transformatsiyalash, ish beruvchi korxonalarni passiv “iste’molchi”likdan o‘quv jarayonining faol ishtirokchisiga aylantiruvchi tizimni shakllantirish;
  • nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilarini ta’lim jarayoniga jalb etish hamda onlayn kurslar, ma’ruzalar va mahorat darslarini tashkil etish orqali ta’lim sifatini oshirish;
  • universitet professor-o‘qituvchilarini yetakchi xorijiy o‘quv, ilmiy va ishlab chiqarish tashkilotlarida malakasini oshirish, hamda stajirovkasini tashkil qilish;
  • iqtidorli bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida (ilmiy markazlarda) magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish orqali sohada ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish;
  • xorijiy fuqarolarni belgilangan tartibda bakalavriat, magistratura va doktoranturaga qabul qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va ular sonini oshirish;
  • universitetda Oliy ilm-fan maktabini (ilmiy-ijodiy maktablar, ilmiy tadqiqot markazlari, inkubatsiya markazi, ilmiy-texnik va ixtisoslashgan kengashlar, IT va StartUP markazlari) xorijiy tajriba asosida tashkil qilish. Ilmiy izlanuvchilarga ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish uchun keng imkoniyat hamda sharoitlar yaratish orqali universitet ilmiy salohiyatini oshirish;
  • universitetda yaratilgan ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va ilmiy-tadqiqot faoliyatidan mablag‘lar tushumini ko‘paytirish;
  • professor-o‘qituvchilarning xorijiy va davlat grantlari loyihalarida ishtirokini oshirish;
  • xalqaro axborot-tahlil tizimlari orqali jahondagi ilmiy-tadqiqot natijalarini tahlil qilgan holda arxitektura va qurilish sohasini ilm-fanning ilg‘or yutuqlari bilan mos ravishda rivojlanishini ta’minlash;
  • universitet ta’sischiligidagi ilmiy-amaliy jurnallarning “Scopus”, “Science Direct” tomonidan indekslanishiga va boshqa xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalariga bosqichma-bosqich kiritilishini ta’minlash;
  • yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash faoliyatini kengaytirish;  
  • universitetning milliy reytingdagi pozitsiyasini yaxshilash, xalqaro tan olingan tashkilotlar reytinglaridagi eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish;
  • arxitektura va qurilish sohasi uchun kadrlar tayyorlashning uzluksizligini, shuningdek, tasarrufidagi akademik litsey va professional ta’lim muassasalari ta’lim dasturlarining uzluksizligi va uzviyligini ta’minlash hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
Top