18:03 / 26.01.2022
13003

Ta’lim sohasidagi vazirlar qurilish-ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanmaydi

Foto: Kun.uz

Endi oliy ta’lim, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim vazirlari qurilish-ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanmaydi. Bu vazirliklarning asosiy vazifasi yosh avlodga sifatli ta’lim-tarbiya, ma’rifat va madaniyat berish bo‘ladi. Bu haqda prezident videoselektorida ma’lum qilindi.

«Maktab ta’limi sifatini oshirish, kelgusi besh yilda maktablarda qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish hamda darsliklarni yangilash zarur.

Bu borada joriy yilda darsliklarni yangilashga ajratilayotgan 600 milliard so‘mdan samarali foydalanish zarur.

Viloyat hokimlari Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan birga, barcha hududlarda davlat va xususiy bog‘chalarni ko‘paytirish orqali maktabgacha ta’limning qamrov darajasini 67 foizdan 80 foizga yetkazishi kerak», dedi davlat rahbari.

Oliy ta’lim vaziri Toshqulov va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Toshkenboyev kelgusi besh yilda kamida 10ta oliygohni nufuzli xalqaro reytinglarga kirishini ta’minlashi shartligi ta’kidlandi.

Viloyat hokimlari xususiy sheriklik asosida 100 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etishi zarur bo‘ladi.

«Bugun, barcha yig‘ilish ishtirokchilariga shuni aytmoqchimanki, joriy yildan boshlab, oliy ta’lim, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim vazirlari qurilish-ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanmaydi. Qurilish ishlari bilan joylarda hokimliklar shug‘ullanadi.

Bu vazirliklarning asosiy vazifasi yosh avlodga sifatli ta’lim-tarbiya, ma’rifat va madaniyat berish bo‘ladi.

Shuning uchun bosh vazir Aripov bir oy muddatda ushbu talabni amalga oshirish bo‘yicha tegishli qaror loyihasini kiritsin.

Budjetdan dori vositalari va tibbiy buyumlarga ajratiladigan mablag‘larni 3 baravarga oshirish choralari ko‘rilsin.

Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ikkita mustahkam ustunga, ya’ni, bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umumbashariy g‘oyalarga asoslangan kuchli ma’naviyatga tayanamiz.

Ma’naviyat – jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir.

Bu poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, xalqimiz ham, davlatimiz ham shuncha kuchli bo‘ladi. Faqatgina mana shunday zaminga tayangan holda, biz yurtimizda Uchinchi Renessans asoslarini barpo eta olamiz.

Mavjud 12 mingdan ziyod kutubxona imkoniyatlaridan samarali foydalanib, kitobxonlikni ommalashtirish choralari ko‘rilsin. Radikalizm, ekstremizm va terrorizmga, mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy g‘oya asosida birgalikda kurashish bo‘yicha ta’lim muassasalari va mahallalarda yangi tizim yaratish zarur.

Jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholi sonini 33 foizga yetkazish, mamlakatimizda Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirishimiz zarur.

Ta’kidlab aytmoqchiman, agar kimki ma’naviyat masalasi – bu faqat Ma’naviyat va ma’rifat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi deb o‘ylasa, xato qiladi. Bu – davlatimiz va jamiyatimiz, hamma rahbarlar, ziyolilar, barcha-barchamizning eng asosiy va muhim vazifamizga aylanishi shart», deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Top