09:59 / 26.01.2022
20775

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi «Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi» xodimi 42 ming dollar bilan ushlandi

Toshkent shahri, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.

Videodan kadr

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi” DUK xodimi o‘zining 3 nafar jinoiy sherigi bilan kelishgan holda, Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘yida joylashgan va Toshkent tumani hokimligi zaxirasida bo‘lgan 30 sotix yer maydoni ko‘p qavatli turar joy barpo etish uchun yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ajratib berilishini va’da qilib, evaziga qurilish firmasi rahbaridan 420 ming AQSh dollari talab qiladi.

Ular so‘ralgan pul mablag‘idan 42 ming dollarini avans sifatida olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.

Samarqand viloyatida kuzatilgan holatda esa Urgut tumanida yashovchi, 1997 va 1998 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro o‘zganing nomida bo‘lgan fermer xo‘jaligiga tegishli 50 sotix suvli yer maydonini firibgarlik yo‘li bilan xaridorga 65 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 30 ming dollar olgan vaqtlarida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi. 

Jomboy tumanida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan shaxs ham Davlat kadastrlar palatasining mazkur tumandagi filiali xodimi bilan kelishgan holda, hokimlik zaxirasida bo‘lgan 25 sotix bo‘sh yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 24 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Davlat kadastrlar palatasining Jizzax viloyatidagi tuman filiallaridan birining rahbari mahalliy fuqaroning yashash xonadoni yonida joylashgan 38 sotix yer maydonini auksion orqali sotib olishda ko‘maklashish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga undan 6,5 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qiladi. 

DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘idan 6 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Sirdaryo tumanida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro ham o‘zganing ishonchiga kirib, Guliston tumani hokimligi zaxirasida bo‘lgan 6 sotix yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX va IJQK Departamenti xodimlari tomonidan ushlandi. 

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top