20:22 / 27.01.2022
80355

AQSh Rossiyaga to‘rtinchi bor «yo‘q» dedi. Bu safar xat ko‘rinishida

AQSh Rossiyaning xavfsizlik bo‘yicha talablariga xat ko‘rinishida javob qaytardi. Uning tafsilotlari aniq emas, lekin AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning asosiy talabi bo‘lmish Ukrainani NATOga qabul qilmaslik talabi keskin rad etilgan.

Foto: EPA

2021 yil oktyabr oyidan boshlab G‘arb nashrlarida Rossiya Ukraina bilan chegarada 100 mingdan ortiq askar to‘plagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. AQSh Rossiyani yana bir marta Ukrainaga bostirib kirishga urinishda aybladi. Voqealar rivoji tezlashib ketgach, Bayden hamda Putin bir necha marta suhbatlashib, muzokaralar stoliga o‘tirishga kelishib oldi.

Rossiya inqirozli vaziyat fonida G‘arbdan Ukraina va Gruziya hech qachon NATO a’zosiga aylanmasligi bo‘yicha huquqiy kafolat talab qila boshladi. Bu bo‘yicha uch marta seriyali muzokaralar o‘tkazildi. Avvaliga Jyenevada AQSh – Rossiya formatida, keyinchalik Bryusselda NATO – Rossiya formatida, Venada esa YeXHT vakillari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuvlarda ham G‘arb va xususan AQSh Rossiyaning asosiy talabi bo‘lmish Ukrainani NATOga qo‘shmaslik talabi bajarilmasligini ma’lum qildi.

AQSh hech bir davlat siyosiy taqdirini hal qilmasligini bildirgan bo‘lsa, NATO hech kimga boshqa davlat uchun alyans yo‘lini to‘sishga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi. Bu muzokaralar samara bermagach, vaziyat jiddiylashib boraverdi. Shunda AQSh va Rossiya asosiy diplomatlarini o‘zaro uchrashtirdi. Jyenevada AQSh davlat kotibi Entoni Blinken hamda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirokida muzokara bo‘lib o‘tdi.

Blinken va Lavrov uchrashuvida faqat bitta yangilik aytildi: AQSh Rossiyaning so‘rovi bilan ilgari surilgan talab bo‘yicha xat ko‘rinishida javob beradigan bo‘ldi. O‘sha javob 26 yanvar kuni kechqurun Rossiyaga AQSh elchisi Sallivan tomonidan yetkazildi. AQSh elchisi Rossiya TIVga borgani OAVda yozildi. U qo‘lida qalin papka bilan kirib ketgan va yarim soatdan keyin chiqib ketgan. Sallivanning TIVga borgani haqida hech qanday izoh berilmadi. Faqat TIV uning vazirlikka kelganini tasdiqladi.

Rossiyaga xat ko‘rinishida javob berilgani munosabati bilan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken matbuot anjumanida ishtirok etdi. U xatning tafsilotlarini oshkor qilmadi, lekin unda nimalar haqida so‘z borganiga to‘xtaldi. Xususan, AQShning rasmiy javobida yadro qurolini birgalikda jilovlash va harbiy mashg‘ulotlarni nazorat qilish kabi Blinken avval ham to‘xtalgan kompromisslar o‘rin olgan. Davlat kotibining aytishicha, xat Ukraina va AQSh ittifoqchilari bilan kelishilgan holda yozilgan.

«Bu rasmiy bo‘lmagan, muzokaraga oid hujjat. Xatda shunchaki ular (Rossiya) harakatlanishga jiddiy bel bog‘lasa, biz kollektiv xavfsizlik yo‘lida birlasha olishimiz keltirilgan», dedi Blinken.

AQSh davlat kotibidan Rossiyaning asosiy talabi – Ukraina NATOga qo‘shilmasligi bo‘yicha kafolat so‘roviga qanday javob berilgani so‘raldi. «Bizning tomondan qaraganda NATO eshiklari ochiq va shundayligicha qoladi. Biz bu prinsipda sodiqmiz», dedi Blinken.

«Murosaga bormoqchi emasmiz»

CHRISTIAN MARQUARDT - POOL/GETTY IMAGES

Blinkendan keyin NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ham brifingda qatnashib, alyans eshiklari hech kim uchun yopilmasligini yana bir bor ta’kidladi.

«Biz bu borada murosaga bormasligimizni yana bir bor takrorladik. Har qaysi davlat o‘z taqdirini mustaqil hal qiladi. NATO davlatlarning qarorini hurmat qiladi: Ukraina kabi alyansga qo‘shilishni istaydiganlarni ham, Finlandiya va Shvetsiya kabi qo‘shilishni istamaydiganlarni ham», dedi Stoltenberg.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQShning xat ko‘rinishidagi javobida hech qanday yangi gap yo‘qligini aytdi. Shuningdek, Amerika tomoni undagi deyarli barcha tafsilotlarni gapirib bo‘lganini aytib, istehzo qildi: «AQSh tomoni xatning tafsilotlari haqida shunchalik ko‘p gapirdiki, unda aytilmagan narsa qolmadi».

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham AQShning javobida optimizmga undaydigan ko‘p narsa yo‘qligini ta’kidladi. Peskovga ko‘ra, xatni Putinga yetkazishgan.

REUTERS

Bitta xatni yozish uchun 180 ta uchrashuv

New York Times AQSh yuborgan javobdagi ba’zi tafsilotlarni aniqlagan. Unga ko‘ra, AQSh oldin ham ilgari surgan taklifini takrorlagan. Ya’ni, Rossiyaga birgalikda yadro qurolini nazorat qilish, yaqin va o‘rta masofadagi raketalardan voz kechish bo‘yicha kelishuvga qaytishni taklif qilgan. Bu kelishuv 1987 yilda Ronald Reygan va Mixail Gorbachyov o‘rtasida imzolangan. 2019 yilda esa Donald Tramp tashabbusi bilan AQSh kelishuvdan chiqib ketgan. Oldinroq Entoni Blinken AQSh Rossiyaga maksimum shu kelishuvga qaytishi mumkinligini aytgandi. Xatda ham maksimum kompromiss sifatida aynan shu taklif keltirilgani taxmin qilinyapti.

OAVda chiqqan xabarlarga ko‘ra, xatda yana bir qiziq tafsilot bor. Unga ko‘ra, Rossiya NATOga a’zo davlatlar hududida hatto yadro quroli bo‘lishiga ham veto berish orqali qarshilik qilish huquqiga ega emasligi keltirilgan. AQShning Rossiyaga taqdim etgan xatini tayyorlash uchun amerikalik yuqori lavozimli mansabdorlar Yevropadagi hamkorlari bilan 180 ta uchrashuv o‘tkazgan.

Xat yuborilganidan keyin matbuot anjumanida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan yana bir marta uchrashishini aytdi. New York Times taxminicha, Vashington va Moskva o‘rtasida muzokaralarning yana bir raundi o‘tkaziladi. «Shundan keyin Rossiya prezidenti Vladimir Putin bosqin yoki diplomatiyadan birini tanlaydi», deb yozmoqda NYT.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top