20:11 / 27.01.2022
7423

Markaziy Osiyo davlatlari va Hindiston o‘rtasida Dehli deklaratsiyasi qabul qilindi

Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni Hindiston—Markaziy Osiyo sammitida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash qariyb ikki barobarga ortdi, qo‘shma korxonalar soni 400 taga yetdi. Yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, Andijon viloyatining Gujarat shtati bilan kooperatsiyasi muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.

Tadbirkorlar va hududlar darajasidagi bevosita aloqalarni rag‘batlantirish, investitsiyalar va savdo sohasida yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash maqsadida Hindiston—Markaziy Osiyo ishbilarmonlar kengashi faoliyatiga jadal sur’at bag‘ishlash muhim ekani ta’kidlandi.

Prezident mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi transport aloqalari samaradorligini oshirish va zamonaviy infratuzilma yaratish masalalarining ustuvor ahamiyatini qayd etdi. «Quruq» portlar tarmog‘ini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, yuk tashishda chegirma va imtiyozli tariflar taqdim etish, bojxona tartibotlarini soddalashtirish maqsadida transport vazirlarining ko‘p tomonlama uchrashuvlari mexanizmini yo‘lga qo‘yish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Energetik samaradorlik va «yashil» taraqqiyot sohalarida Hindistonning ilg‘or tajribasini va kooperatsiya istiqbollarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Bu boradagi mintaqaviy hamkorlik masalalarini kelgusi yilning sentyabr oyida Orolbo‘yida o‘tkaziladigan xalqaro forumda muhokama qilish taklifi ilgari surildi. Madaniy-gumanitar soha uchinchi ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Muzeylararo hamkorlik, ko‘rgazma va anjumanlar tashkil etish, qo‘lyozma fondlarini raqamlashtirish va virtual kutubxona yaratish, umumiy tarixiy-arxeologik merosni tadqiq etishni nazarda tutadigan qo‘shma chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Hindiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan mintaqa mamlakatlarida hind madaniyati va kinosi festivallarini o‘tkazish taklif qilindi. Davlat rahbari Afg‘onistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatga alohida to‘xtaldi. Ushbu mamlakatda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, gumanitar inqirozning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, yirik infratuzilma loyihalarini ilgari surishga ko‘maklashish choralarini ko‘rish muhim ekani ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Narendra Modi va Hindiston xalqini Respublika kuni va mamlakat mustaqilligining bo‘lajak 75 yilligi bilan tabrikladi.

Boshqa delegatsiyalar rahbarlari ham o‘z nutqlarida sheriklik munosabatlari va mintaqaviy hamkorlikni, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, infratuzilma, sanoat, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va turizm sohalarida kengaytirish uchun katta imkoniyatlar borligini qayd etdi.

Sammit yakunida Markaziy Osiyo davlatlari va Hindiston o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari va ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashning muhim masalalariga doir umumiy yondashuvlar bayon qilingan Dehli deklaratsiyasi qabul qilindi.

Mavzuga oid
Top