16:45 / 27.01.2022
45474
Shaxsan Putinga qarshi sanksiya: G‘arb Ukrainaga ehtimoliy bosqinga javoban qanday choralar tayyorlamoqda?

AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda Vladimir Putinga qarshi individual sanksiya qo‘llanishi mumkinligini istisno qilmadi. Bu haqda Bayden seshanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi. Oldinroq Bayden administratsiyasi vakillari Ukrainaga bostirib kirilishi Rossiyaning yuqori texnologiya mahsulotlariga qarshi sanksiyalarga sabab bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Foto: Getty Images

Hozirgacha G‘arb davlatlarining hech biri shaxsan Putinga qarshi sanksiya qo‘llagani yo‘q. Oldinroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya yetakchisiga qarshi sanksiya AQSh bilan munosabatlarga darz ketishiga olib kelishini aytgandi.

Dushanba kuni AQSh prezidenti, qator Yevropa davlatlari yetakchilari va NATO rahbariyati Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda qanday harakat qilish bo‘yicha onlayn maslahatlashuv o‘tkazgandi. Oq uy muloqot jiddiy voqealar fonida yuqori darajada o‘tganini ta’kidladi. Unda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen, Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel, Polsha prezidenti Anjyey Duda, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Italiya bosh vaziri Mario Dragi, Germaniya kansleri Olaf Shols va Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ishtirok etgan.

Seshanba kuni Berlinda Emmanuel Makron va Olaf Shols ikki tomonlama muzokara o‘tkazib, birgalikda matbuot anjumanida ham qatnashdi. Ular Ukraina hududiy yaxlitligiga daxl soladigan voqea ro‘y bersa, G‘arb keskin choralar ko‘rishi, Rossiya «ortig‘i bilan to‘lashi»ni aytishdi.

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ham shu haqda gapirdi: «Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, javob qaytarishga kelishib oldik. Avvalo keskin sanksiyalar kiritiladi. Oldin Rossiyaga qarshi hech qachon bunaqa choralar qo‘llanmagan. Britaniya Putinning so‘zlari uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishdan qo‘rqmaydi», dedi Jonson.

Ispanlarning «Blas de Leso» fregati NATOning Qora dengizdagi doimiy guruhiga qo‘shilish uchun ketmoqda. Kema Ispaniyaning Ferrol portidan 22 yanvar kuni yo‘lga chiqqan. Foto: EUROPA PRESS NEWS

AQSh Davlat departamentida seshanba kuni jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilgan. Unda Vashington Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda keskin sanksiyalar tayyorlayotgani aytilgan. AQSh mahsulotlari ishlatilgan Rossiya tovarlari, sun’iy intellekt mahsulotlari va aerokosmik texnikalar sanksiyaga uchrashi mumkin.

Davlat departamenti vakilining aytishicha, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Osiyo davlatlariga sanksiyalarga javoban Rossiya Yevropaga gazni uzib qo‘ysa, Yevropa Ittifoqi davlatlariga gaz berilishini so‘rab murojaat qilingan.

Oq uy matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, AQShda voqealar qanday rivojlanishiga qarab bir necha harbiy ssenariy mavjud. Shuningdek, AQSh Sharqiy Yevropa davlatlarida NATO kuchlari sonini oshirmoqchi. AQShning doim harakatlanishga tayyor 8,5 ming askari ham Yevropaga tashlash uchun shay turibdi. Pentagon rasmiy vakili Jon Kirbining aytishicha, bu qo‘shinlar NATOdan so‘rov bo‘lishi bilan harakatga keladi.

Qo‘shinlarni jangovar shaylikka keltirish g‘oyasini AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin ilgari surgan. Ularni yo‘naltirishni esa Jo Bayden tasdiqlashi kerak. So‘rov bo‘lishi bilan AQShning maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 8,5 ming askari 5 kun ichida Sharqiy Yevropaga yetib boradi. Avvallari buning uchun 10 kun kerak bo‘lgan. Shu bilan birga, NATO askarlarini alyans a’zosi bo‘lmagan Ukrainaga olib kirish rejada yo‘q. Bu haqda oldinroq AQSh prezidenti ham aytgandi.

AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Ned Prays yaqinda rus qo‘shinlari olib kirilgan Belarusga ham ogohlantirish bilan murojaat qilgan. Rossiya askarlari rasman o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashish uchun borgan. «Belarusni o‘z hududidan Ukrainaga hujum qilish uchun foydalanishga ruxsat bersa, AQSh va ittifoqchilari tomonidan keskin javob berilishidan ogohlantirdik», dedi Prays.

Fox News telekanali xabar qilishicha, seshanba kuni Kiyevga tankka qarshi Javelin rusumli raketalardan yana 300tasi yetkazib berilgan. REUTERS

Peskov: Kreml AQShdan xavfsizlik bo‘yicha kafolat kutmoqda

NATO Bolgariya, Ruminiya va Boltiqbo‘yi davlatlaridagi qo‘shinlarini kuchaytirishda davom etmoqda. Bu davlatlarga harbiy kemalar va qiruvchi samolyotlar yuborilyapti. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, AQSh mintaqadagi keskinlikni oshirib yuboryapti. Peskovga ko‘ra, Kreml AQSh askarlarining shay holatga keltirishi va ularning Yevropaga tashlanish ehtimoliy holatini jiddiy kuzatmoqda.

Rossiya hamon AQSh va NATOning xavfsizlik bo‘yicha so‘roviga rasmiy javob bermagan: «Biz hamon o‘sha mashhur xat ko‘rinishidagi javobni kutyapmiz. Uni shu haftada olsak kerak. Biz AQShning harakatlarini xavotir bilan kuzatyapmiz», dedi Peskov.

Kiyev g‘arblik ittifoqchilarining yordamlarini xursandchilik bilan qabul qilmoqda. Ammo o‘z diplomatlarini Ukrainadan olib ketayotgan AQSh va Britaniya kabi davlatlarning bu harakatlarini ortiqcha ehtiyotkorlik deb baholamoqda. Ukraina Xavfsizlik va mudofaa kengashi bosh kotibi Aleksey Danilov Rossiya bilan urush 2014 yildan buyon davom etayotganini, diplomatlarini olib ketayotgan davlatlar ortiqcha ehtiyotkorlikka yo‘l qo‘yayotganini ta’kidlagandi.

«Chegaradagi Rossiya askarlari ko‘pchilik vahima bilan tasvirlayotgani kabi ko‘paygani yo‘q. To‘g‘ri, qandaydir manyovrlar ko‘zga tashlanyapti, ammo ular doim bo‘lgan. Rossiya askarlarini o‘z mamlakati ichida xohlaganicha harakatlantirishi mumkin. Ha, bu biz uchun yoqimsiz, lekin yangilik emas. G‘arbdagilar uchun yangilik bo‘lsa bordir», degandi bosh kotib.

Danilov G‘arb davlatlarining Ukrainadan diplomatlarini olib chiqib ketishi faqat Rossiyaning foydasiga ishlashini aytgandi. Uning fikricha, Rossiya Ukrainada sarosima paydo qilishni istayapti va hozircha buni yaxshigina uddalamoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham g‘arblik diplomatlar mamlakatni tark etayotgani urush bo‘lishi aniq ekanidan dalolat emasligini ta’kidladi. «Yevropa Ittifoqidagi ko‘plab davlatlar o‘z diplomatlarini Ukrainadan olib chiqish haqida o‘ylamayapti. Ba’zi davlatlar elchixonasi xodimlarining bir qismini olib chiqib ketayotgani esa urush bo‘lishi tabiiy degani emas. Bu shunchaki diplomatik o‘yinlarning nozik tomoni», degandi Zelenskiy.

Shuningdek, Ukraina prezidenti Normand formatidagi kelishuv bo‘yicha to‘rt davlat yetakchilari (Germaniya, Fransiya, Rossiya, Ukraina) Donbassdagi tinchlik masalasida tezroq uchrashishi kerakligini aytgan. «Normand formati bo‘yicha maslahatchilar uchrashuvi o‘tkaziladi. Albatta, bolalarcha illyuziyaga ishonish kayfiyati yo‘q bo‘lsa-da, ozroq umid bor. To‘xtovsiz ishlasa, natija bo‘ladi, tinchlik bo‘ladi», degan Zelenskiy.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top