20:49 / 28.01.2022
15306

O‘zbekistondan xorijga ko‘chib ketuvchilar soni ko‘paydi

O‘tgan yili O‘zbekistondan ko‘chib ketgan odamlar mamlakatga ko‘chib kelganlarga nisbatan 18 ming 265 nafarga ko‘p bo‘lgan.

Foto: Alex Wong/Getty Images

Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekistondagi migratsiya holati bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Qayt etilishicha, 2021 yil yanvar-dekabr oylarida O‘zbekistonga ko‘chib kelganlar soni 256 ming 814 kishini, shu jumladan respublikaning boshqa hududlaridan ko‘chib kelganlar 254 ming 939 kishini, xorijiy mamlakatlardan ko‘chib kelganlar esa 1875 kishini tashkil etgan. 

Ko‘chib ketganlar soni jami 275 ming 79 kishini, xususan, respublikaning boshqa hududlariga ko‘chib ketganlar 254 ming 939 kishini, xorijiy mamlakatlarga ko‘chib ketganlar esa 20 ming 140 kishini tashkil etib, migratsiya saldosi minus 18 ming 265 kishi ekanligi qayt etilgan.

O‘zbekistonga xorijiy mamlakatlardan ko‘chib kelganlarning asosiy qismi Qozog‘iston (jami xorijdan ko‘chib kelganlarga nisbatan 38 foiz), Tojikiston (18,5 foiz), Rossiya (17,3 foiz), Qirg‘iziston (7 foiz), Turkmaniston (3,3foiz) va boshqa mamlakatlar (15,9 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘z navbatida, respublikadan xorijiy mamlakatlarga ko‘chib ketganlarning asosiy qismi ham Qozog‘iston (jami xorijdan ko‘chib kelganlarga nisbatan 56,6 foiz), Rossiya (30,5 foiz), Tojikiston (3,7 foiz), Qirg‘iziston (2,3 foiz), Ukraina (1,6 foiz) va boshqa mamlakatlar (5,3 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ma’lumot uchun, 2020 yil davomida ko‘chib ketganlar 203,7 ming kishini (2019 yilda 169,5 ming kishi), ko‘chib kelganlar esa 191,2 ming kishini (2019 yilda 158,9 ming kishi) tashkil qilgan.

Avvalroq, 2022 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 35 mln 271,3 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 712,4 ming kishiga yoki 2,1 foizga ko‘paygani ma’lum qilingandi.

Top