10:49 / 29.01.2022
19047

Pul o‘rniga tashakkurnoma - Sirdaryoda viloyat hokimligi buyurtmasini bajargan korxona o‘z pulini ololmayapti

Tahririyatimizga murojaat qilgan Guliston shahridagi korxona xodimlarining aytishicha, ularning ikki obektda amalga oshirgan ishlari uchun pullar to‘lab berilmayapti. Obektlardan biri - Sirdaryo viloyat hokimligi binosi hovlisi.

«Sirdaryo ko‘priklardan foydalanish» unitar korxonasi Sirdaryo viloyatidagi shu kabi 12 ta korxonadan biri. U Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tizimidagi korxona bo‘lib, M39, M34 kabi xalqaro yo‘llarga va ko‘priklarga xizmat ko‘rsatadi.

«Bir paytlar qariyb kasod bo‘lish yoqasiga kelib qolgan korxonaga viloyat hokimligi ko‘p yordam berdi, buni inkor etmaymiz. Ayni paytda korxonamiz ilg‘or korxonalardan biriga aylandi, ammo bajarilgan ishlar uchun pullarni berish paysalga solinmoqda.

To‘g‘ri, ishchi-xodimlarimizning maoshini berishda qiynalganimiz yo‘q. Ammo qurilish materiali va xomashyo yetkazib bergan ta’minotchi korxonalar bizni allaqachon sudga berib, MIB orqali texnikalarimizga va bankdagi hisobraqamlarimizga taqiq soldirishgan», — dedi biz bilan suhbatda korxona direktori o‘rinbosari Rustam To‘rayev.

Rustam To‘rayev

Ma’lum bo‘lishicha, «Sirdaryo ko‘priklardan foydalanish» unitar korxonasi 2019 yilda Sirdaryo viloyati hokimligi hovli qismida avtoturargoh (avtogaraj) maydonida asfalt qoplamasi yotqizib bergan, granit bordyurlar va lotoklar o‘rnatgan.

 

2019 yil 5 iyuldagi qabul qilish dalolatnomasi asosida Sirdaryo viloyat hokimligining ish boshqarmasi boshlig‘i T.Sayfuddinovga 436,9 mln so‘mlik bajarilgan ish hajmi topshirilgan.

 

Puli hanuzgacha to‘lab berilmayotgan ikkinchi ish Mirzaobod tumani «Haqiqat» MFYdagi loyihaviy ko‘chada yoritish tizimi qurib berilganidir. Tushunarli bo‘lishi uchun aytish kerak, bu M39 va M34 yo‘llari orasini bog‘lovchi ko‘chadan Sardoba toshqinidan jabr ko‘rganlar uchun barpo etilgan massivgacha o‘rnatilgan yoritish ustunlari va chiroqlaridir.

 

Ishlar 2020 yil 1 dekabr kuni Sirdaryo viloyat hokimligining qurilish bo‘yicha «Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi» DUK o‘rtasida pudrat shartnomasi, viloyat hokimligining 2020 yil 25 dekabrdagi bayonnomasiga asosan amalga oshirilgan.

Loyiha qiymati 561,4 mln so‘mni tashkil etsa-da, «YaBXIK» DUK 168,4 mln bo‘nak (avans) summasini o‘tkazib berib, qolgan 493,7 mln so‘mni to‘lab berishni paysalga solmoqda.

Korxona har ikki joyda bajarilgan ishlar uchun to‘lov masalasida viloyat hokimligiga bir necha bor murojaat qilgan. O‘z xatlarida mavjud holat korxona xodimlarining noroziligini keltirib chiqarayotgani, soliq va boshqa to‘lovlar kechikayotgani, ta’minotchi korxonalardan qarzdorlik vujudga kelgani, biroq korxona viloyat hokimligini sudga berishni o‘zlariga ep ko‘rmayotganini bayon qilishgan.

Viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev xatlarga o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun viza qo‘yib, quyi pog‘onadagi o‘rinbosarlariga yo‘naltirgan. Undan naryog‘iga ish joyidan siljimagan.

 

Tahririyatga yozilgan murojaat xatida viloyat hokimi o‘rinbosarlari «ishlar mening davrimda qilinmagan», deb, otangga bor-onangga bor qabilida ish ko‘rishayotgani bayon qilingan.

Korxona viloyat moliya boshqarmasiga murojaat qilganda mahalliy budjetdan pul ajratish masalasi Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida kun tartibiga qo‘yiladi, degan javobni olishgan.

«Korxonamizning bajargan ishlarini e’tirof etib, viloyat hokimi tashakkurnoma ham bergan. Endi pulimizni berishsa yaxshi bo‘lardi», dedi korxona rahbari.

Biz Sirdaryo viloyat hokimligi hovlisiga kirib, bajarilgan ishlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rmoqchi bo‘lganimizda, atrofi panjara bilan o‘rab olingan hokimlik binosiga kirishning hech ilojini topa olmadik. Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari bemor, qolgan mutasaddilar ham bemor ekanligini aytishdi. Peshvoz chiqqan hokimlik xodimlari esa bizni kirita olmasliklarini aytishdi.

Shu sababli hokimlik hovlisida korxona o‘zi taqdim etgan fotosuratlardan foydalanishga majbur bo‘ldik. Ikkinchi manzilda bajarilgan ishlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, guvohi bo‘ldik.

Ushbu masalaga qanday yechim topilishi haqida Sirdaryo viloyat hokimligi o‘z rasmiy munosabatini bildiradi, degan umiddamiz.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top