14:13 / 31.01.2022
12435

Samarqandda haydovchining telefonini tortib olishga uringan YHXB xodimiga xizmat tekshiruvi tayinlandi

Foto: IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati Narpay tumanida qoidabuzar haydovchining telefonini tortib olishga uringan YHXB xodimiga xizmat tekshiruvi tayinlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati rahbari xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yilning 23 yanvar kuni M-37 Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi avtomobil yo‘lining Narpay tumani hududidan o‘tuvchi 102-kilometrida xizmat vazifalarini olib borayotgan viloyat IIB YHXB 4 otryadi xodimlari yo‘l harakati qoidalarini buzib harakatlanib kelayotgan Nexia mashinasiga to‘xtash ishorasini bergan. Haydovchi YHXB xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, harakatlanib ketgan.

Tezkor tadbirlar natijasida, 2001 yilda tug‘ilgan haydovchi I.N. ushlanib, unga nisbatan qonunda belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Unga tegishli Nexia mashinasi vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Shundan so‘ng, haydovchi inspektorni tasvirga olmoqchi bo‘lgan vaqtida YHXB xodimi fuqaroning qo‘lidagi telefonni tortib olishga harakat qilgan.

Qayd etilishicha, YHXB xodimining harakatiga huquqiy baho berish maqsadida unga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Natijasi to‘g‘risida tekshiruv yakuniga ko‘ra xabar beriladi.

Top