20:17 / 31.01.2022
38447

Samarqanddan Yekaterinburgga uchgan samolyotda texnik nosozlik ro‘y berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand–Yekaterinburg yo‘nalishida uchgan samolyotning bir motorida yong‘in chiqqani yozilgan video-xabar tarqaldi. O‘zbekiston Transport vazirligi holatga oydinlik kiritdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Uralskiye avialinii” kompaniyasiga qarashli samolyot kabinasi germetizatsiyasida nosozlik yuzaga kelgan. Hodisa natijasida hech kim jabrlanmagan.

Foto: Videodan kadr

Internetda tarqalgan videodan ko‘rinishicha, samolyotda favqulotda holat e’lon qilingan va yo‘lovchilarga kislorod niqoblari berilgan.

Yo‘lovchilar maxsus niqob taqqan bo‘lsalar-da, mavjud vaziyatda xotirjam bo‘lishgan, kimningdir hatto kulgani ham eshitiladi.

O‘zbekiston Transport vazirligidan ma’lum qilishlaricha, 28 yanvar kuni “Uralskiye avialinii” aviakompaniyasining A320 VQ BNI havo kemasi Samarqand – Yekaterinburg yo‘nalishi bo‘yicha SVR 2862 reysini amalga oshirgan. Toshkent vaqti bilan 07:41 da samolyot Samarqand aeroportidan muvaffaqiyatli uchgan.

Parvoz davomida Moskva vaqti bilan soat 10:01 da ekipaj komandiri samolyotda texnik nosozlik yuz bergani haqida havo harakatini boshqarish dispetcheriga avariya signalini bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot kabinasi germetizatsiyasida nosozlik yuzaga kelgan.

“Kolsovo aeroportining favqulodda xizmatlari samolyotni qabul qilish uchun shay holatga keltirilgan. Bortida 159 nafar yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan samolyot Toshkent vaqti bilan soat 10:28 da Kolsovo aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘ngan.

Hodisa oqibatida jarohat olganlar yo‘q”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Hodisa bo‘yicha Sverdlovsk transport prokuraturasi tomonidan parvozlar xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining bajarilishi yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Top