11:47 / 01.02.2022
8505

Telegram ilovasining yangilangan 8.5 talqini taqdim qilindi

Foto: Kun.uz

31 yanvar kuni Telegram jamoasi ilovaning yangilangan 8.5 talqinini taqdim qildi. Ushbu yangilanishlarda oson yaratiladigan videostikerlar, ixcham animatsiyali reaksiyalar, ko‘rilmagan reaksiyalarni tekshirish tugmasi, chatlar orasidagi yaxshilangan navigatsiya va boshqa yangiliklar mavjud.

Telegram oddiy videolardan o‘giriladigan stikerlarni ham qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini qo‘shmoqda. Natijada, istalgan foydalanuvchi istalgan videomuharrir dasturi yordamida batafsil animatsiyali stikerlarni oson yaratishi mumkin.

Reaksiyalar animatsiyalari ixchamlashmoqda, kattaroq effekt yuborish uchun menyudagi reaksiyani bosib turish kerak bo‘ladi.

Shuningdek, interaktiv emojilar kabi reaksiyalar endi sinxronlanadi, natijada qabul qiluvchilar animatsiyalarni real vaqt rejimida ko‘radi.

Reaksiyalar faqat hissiyotlarni ifodalashdan tashqari savollarga ham javob berishi inobatga olinib, endi ular o‘qilganlik belgisiga ham ega bo‘ladi.

Yangi reaksiyalar va interaktiv emojilar

Bu yangilanishda 5 ta yangi reaksiya qo‘shildi, shuningdek, bu reaksiyalarni interaktiv emoji sifatida ham yuborish mumkin.

Oxirgi ochilgan chatlar navigatsiyasi – o‘qilmagan kanallar bo‘ylab yoki chatlar orasida harakatlanganda muayyan chatga qaytish uchun «Orqaga» tugmasini bosib turish mumkin. Uzatilgan xabarlar, havolalar, foydalanuvchi nomlari, profillar va boshqalardan chatlar ochilsa, ular ro‘yxatga qo‘shiladi.

Shuningdek, Telegram dasturchilari chaqiruv sifatini yaxshilash, tezkor ko‘rish sahifalariga tarjima funksiyasini qo‘llab-quvvatlash, ulashish menyusidan sukut qilingan xabarlarni yuborish imkoniyati va o‘nlab boshqa yaxshilanishlar ustida ish olib borishgan.

Hozircha yangilanishlarni barcha iOS foydalanuvchilari qo‘llashi mumkin. Android uchun esa Google Play versiyasi do‘kon tomonidan tekshiruv tugagach yangilash mumkin bo‘ladi.

Top