10:52 / 02.02.2022
21027

Asaka tumani hokimligi mas’uli 8 ming dollar pora bilan qo‘lga olindi

1 fevral kuni Andijon viloyati Asaka tuman hokimligi qishloq xo‘jaligi bo‘limiga qarashli bo‘lgan G‘.Yoqubov massivi raisi N.S. 8 ming dollar pora olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Bu haqda Kun.uz manbalari xabar berdi.

Foto: iStock

Ma’lum qilinishicha, G‘.Yoqubov massivi raisi N.S. fuqaro A.A.dan uning nomiga mazkur massivda joylashgan «Oqbo‘yra agro» fermer xo‘jaligi yer maydonidan 30 sotix yer maydonini «Issiqxona» qurish uchun qishloq xo‘jaligi elektron xaritasini yaratib berish, keyinchalik ushbu yer maydonini kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 15.000 (o‘n besh ming) AQSh dollari talab qilgan.

1 fevral kuni fuqaro A.A.ning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs talab qilgan poraning 8 ming dollarini «Asaka dehqon bozori» MChJ avtoturargohida o‘zining avtomashinasida olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 va 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top