09:06 / 02.02.2022
2341
Buxoroda qurilish firmasidan pulini qaytarib ololmagan fuqaro o‘zini yoqib yubordi

Peshko‘ tumanida yashovchi fuqaro uy olish maqsadida quruvchiga 150 mln so‘m to‘lagan. Ammo quruvchi unga na uy bergan, na pulini qaytargan.

Ijtimoiy tarmoqlarda buxorolik fuqaro o‘zini yoqib yuborgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

Prokuratura munosabatiga ko‘ra, 2022 yil 1 fevral kuni viloyat IIB navbatchilik qismiga fuqaro F.H. o‘zini yoqib, tan jarohati olgani hamda RShTYoIM Buxoro filialiga murojaat qilgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Hodisa joyiga viloyat prokurorining o‘rinbosari, viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i, Buxoro shahar prokurori va IIO FMB boshlig‘i hamda tergov-tezkor guruhi chiqqan. 

Ma’lum bo‘lishicha, Peshko‘ tumanida yashovchi F.H. 2021 yil mart oyida quruvchi R.Sh.ga uy olish maqsadida 150 mln so‘m pul bergan. Lekin quruvchi uyni rasmiylashtirib bermagan. Fuqaro 1 fevral kuni pulini qaytarishni so‘rab, takroran murojaat qilgan hamda yana rad javobini olgan. Shundan so‘ng fuqaro soat 14:10larda Buxoro shahrining Furqat mahallasi hududida o‘zining ustidan benzin sepib, yoqib yuborgan va joniga suiqasd qilgan. Bu paytda uning yonida o‘g‘li Z.A. ham bo‘lgan. Tibbiy xulosalarga ko‘ra, o‘zini yoqib yuborishi oqibatida F.H. tanasining 50 foiz qismi kuygan.

Holat yuzasidan Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Top