08:15 / 02.02.2022
3510

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi e’lon qilindi

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

O‘zbekistonda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar malakali tibbiy xizmatdan foydalanishda O‘zbekiston fuqarolari bilan teng huquqlardan foydalanadi.

Tibbiy yordam uchun murojaat qilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:

  • bepul shoshilinch, kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam va tez tibbiy yordam olish;
  • pulli asosda rejali tibbiy yordam olish;
  • tibbiy tashkilotni ixtiyoriy tibbiy sug‘urta shartnomalari va pulli tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar asosida tanlash;
  • sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan sharoitlarda tekshiruvdan o‘tish va davolanish;
  • bepul va o‘rnatilgan tartibda pulli asosda mutaxassis shifokorlar maslahatlarini olish;
  • mavjud usullar va dori-vositalari yordamida tibbiy yordam olish;
  • tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganligi, sog‘lig‘ining holati, qo‘yilgan tashxis to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda uni tekshirish va davolash chog‘ida olingan boshqa ma’lumotlar sir saqlanishini talab qilish (qonunchilikda belgilangan hollar bundan mustasno);
  • tibbiy aralashuvga o‘z ixtiyori bilan rozilik berish yoki uni rad etish;
  • o‘z huquq va burchlari xususida hamda sog‘lig‘ining holati haqida ma’lumot olish, shuningdek sog‘lig‘ining holatiga doir ma’lumotlarni uning manfaatini ko‘zlagan holda taqdim etish mumkin bo‘lgan shaxslarni tanlash;
  • ixtiyoriy tibbiy sug‘urta doirasida tibbiy va boshqa xil xizmatlardan foydalanish;
  • tibbiy yordam ko‘rsatish vaqtida sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan taqdirda ko‘rilgan zararning o‘rni qonunda belgilangan tartibda qoplanishi;
  • shifoxonada bajarilishi mumkin bo‘lgan diniy rasm-rusumlar va marosimlarni o‘tkazish yoki ibodat qilish;
  • o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi uchun huzuriga advokat yoki boshqa qonuniy vakil chaqirtirish.

Muassasada tibbiy yordam uchun murojaat etganda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning majburiyatlari:

  • o‘z sog‘lig‘i haqida g‘amxo‘rlik qilish, uni saqlash, mustahkamlash va tiklash bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rishga;
  • tibbiyot xodimlarini kamsitmasligi, tajovuz qilmasligi, haqorat qilmasligi, o‘zaro hurmatda bo‘lishga;
  • tanlangan davolash taktikasini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan tibbiyot xodimlarining tavsiyalarini bajarish, tibbiy xizmat ko‘rsatishda tibbiyot xodimlari bilan hamkorlik qilishga;
  • o‘zida tibbiyot xodimlariga jamoat salomatligi uchun xavf tug‘diradigan kasalliklar, odamning immunitet tanqisligi virusi mavjudligi to‘g‘risida xabar berish, shuningdek boshqa odamlar bilan aloqada bo‘lganda ehtiyot choralarini ko‘rishga;
  • tibbiyot xodimlarni unda oldin aniqlangan dori-darmonlarni qabul qilishga murosasizlik bo‘lganligi, nasliy va oldingi kasalliklar, tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganligi, shuningdek sog‘lig‘idagi o‘zgarishlar haqida xabardor qilishga;
  • bemorlar uchun o‘rnatilgan ichki tartib qoidalarga rioya qilishga, sog‘liqni saqlash tashkilotining mulkiga g‘amxo‘rlik qilishga majbur.
Top