12:46 / 02.02.2022
12127

Parkentda arxeologik yodgorlik hududi g‘isht ishlab chiqarish uchun sotib yuborilgani ma’lum bo‘ldi

Hokimlik mansabdorlari Parkent tumanidagi «Kultepa» arxeologiya yodgorligiga tegishli bo‘lgan 2 gektar yer maydonini tadbirkorlarga sotib yuborgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, yetkazilgan zarar miqdori 147 million dollarni tashkil qilmoqda.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi

Toshkent viloyati, Parkent tumani, «Istiqbol» MFYdagi «Tepa (Kultepa)» arxeologiya yodgorligiga tegishli 2 gektar yer maydoni hududi 2018 yil 28 sentyabrda Parkent tumani hokimligi tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda auksion savdolari orqali «U.Q.B» MChJga xom g‘isht ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun berib yuborilgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.

Mazkur arxeologiya yodgorligi Vazirlar Mahkamasining «Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 846-son qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan hamda Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.

Parkent tumani hokimligi sotib yuborgan davlat mulki «U.Q.B» MChJ rahbarlari tomonidan 2020 yilda qonunchilik talablariga zid ravishda boshqa tadbirkor «U.M.P» MChJga sotib yuborilgan. Ushbu tadbirkorlik sub’yekti bu obektda xom g‘isht ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Mazkur sex uchun xomashyo – tuproq mahsuloti esa arxeologiya inshooti hududidan qazib olinib, «U.Q.B» MChJ tomonidan yetkazib berilgan. Oqibatda, bu tarixiy inshootga katta miqdorda zarar yetkazilgan.

Ushbu harakatlar yuzasidan Toshkent viloyati moddiy meros boshqarmasi 2020 yilda yetkazilgan zararni aybdor shaxslardan undirish, mansabdorlarga nisbatan chora ko‘rish, hokim qarori va oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni so‘rab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan hamda tadbirkorlik sub’yektlari rahbarlariga ogohlantirish xatlari bergan. Lekin, shunga qaramasdan MChJ o‘z faoliyatini davom ettirib kelgan.

Holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Fanlar akademiyasi mutaxassislari bilan o‘rganish ishlari olib borgan.

«Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, mazkur arxeologiya obekti eramizning I-IV asrlariga oid bo‘lib, ko‘chmanchi chorvador ajdodlarimizga tegishli qabriston yodgorligi sanalishi aniqlandi.

O‘rganishlar davomida olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, «U.M.P» MChJ mansabdor shaxslari tomonidan «Tepa (Kultepa)» arxeologiya yodgorligi hududida xom g‘isht ishlab chiqarish va qazilma ishlari olib borilishi natijasida madaniy merosning obektiga 1 trillion 587 milliard 600 million so‘m (taqriban 147 million dollar) miqdorida moddiy zarar yetkazilganligi aniqlandi», - deyiladi agentlik bayonotida.

Solishtirish uchun, Sirdaryo viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nuriddin Usmonov Sardoba toshqinidan zarar ko‘rgan hududlardagi aholiga tegishli turar joylar va barcha zarur sharoitlarni yaratish uchun bir yarim yil ichida davlat budjetidan 1,7 trillion so‘mdan (160 million dollarga yaqin) ziyod mablag‘ sarflanganini bildirgan edi.

Holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rilishini ta’minlash maqsadida to‘plangan materiallar Bosh prokuraturaga yuborilgan. Natijada, 2021 yil dekabr oyida Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan «U.M.P» MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 132-moddasi 2-qismi, 205-moddasi 2-qismi «a» bandi va 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent viloyati prokuraturasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, tergov harakatlari davomida aybdor shaxslar doirasi aniqlanib, ularning harakatlariga ham huquqiy baho beriladi.

Mavzuga oid
Top