11:21 / 02.02.2022
9837
Qozog‘iston parlamenti Nazarboyev bilan siyosiy tashabbuslarni muvofiqlashtirish normasini bekor qildi 
Foto: akorda.kz

Qozog‘iston majlisi (parlamentning quyi palatasi) chorshanba kuni Senatning (yuqori palata) qonun hujjatlariga respublika birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan tashqi va ichki siyosat asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha yangi tashabbuslarni muvofiqlashtirish zaruriyatini bekor qilishga oid tuzatishlarini ma’qulladi.

27 yanvar kuni Senat Nazarboyevning Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi va Xalq assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi tuzatishlarni qabul qildi. Yig‘ilishdan so‘ng Senat deputati Lazzat Sulaymonning tushuntirishicha, parlament a’zolari, shuningdek, tashqi va ichki siyosatning asosiy yo‘nalishlarida ishlab chiqilayotgan tashabbuslar Nazarboyev bilan kelishilgan bo‘lishi kerakligi haqidagi qonunchilik normasini ham chiqarib tashlashni taklif qilgan. 

Shundan so‘ng Senat mazkur qo‘shimcha kiritilgan qonun loyihasini tasdiqlash uchun majlisga yubordi. Shu tariqa, Nazarboyevning Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi va Xalq assambleyasiga umrbod raisligini bekor qilish, shuningdek, u bilan yangi tashqi va ichki siyosiy tashabbuslarni muvofiqlashtirish zaruratini tugatish to‘g‘risidagi tuzatishlar endilikda butun parlament tomonidan qabul qilingan deb hisoblanadi. Qonun hujjatlariga kiritilgan ushbu o‘zgartirishlar davlat rahbari tomonidan tasdiqlanishi kerak. 

Shu bilan birga, Nazarboyev respublika parlamenti va uning palatalari oldida, hukumat majlislarida mamlakat uchun muhim masalalarni muhokama qilishda so‘zga chiqish, shuningdek, respublika Konstitutsiyaviy kengashi a’zosi bo‘lish huquqini saqlab qoladi. 

Seshanba kuni parlamentning yangi raisi etib avval prezident ma’muriyati rahbari lavozimida ishlab kelgan Yerlan Koshanov saylandi. Parlament quyi palatasining joriy yig‘ilishi uning uchun yangi lavozimdagi birinchisi bo‘ldi. 

Top