10:58 / 03.02.2022
3993
O‘zbekiston Rossiya vaksinalarini import qilish bo‘yicha top-5 davlat qatoriga kirdi
Foto: Sputnik / Vladislav Vodnev

2021 yilning yanvar-noyabr oylari yakunlariga ko‘ra, Rossiya xorijga umumiy qiymati 1,36 milliard dollar bo‘lgan 675 tonnaga yaqin vaksina yetkazib berdi. Bu haqda Rossiya Strategik tadqiqotlar markazining «Noresurs iqtisodiyot sektori» rahbari Kseniya Bannikova Federal bojxona xizmatiga tayanib, «RIA Novosti»ga ma’lum qildi.

Taqqoslash uchun, 2020 yilda 70,9 million dollarlik 175,1 tonna vaksina eksport qilingan.

«Rossiya Federal bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida xorijga vaksinalar yetkazib berish 675 tonnani tashkil qilgan, umumiy qiymat - 1,36 milliard AQSh dollariga yaqin. Shu bilan birga, 2021 yil ikkinchi yarmining besh oyi (iyul-noyabr) davomida xorijga yetkazib berish hajmi 2021 yilning birinchi yarmidagiga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘paydi (qiymat ko‘rsatkichida 78 foizga, o‘sish esa taxminan 2,1 baravarga)», dedi Bannikova. 

Uning ta’kidlashicha, o‘tgan yili vaksinalar asosan Osiyo, Janubiy Amerika va Afrika mamlakatlariga yetkazib berilgan. 

«2021 yilning yanvar-noyabr oylarida Rossiya vaksinalari eksport qilingan yetakchi beshta davlat: BAA (15,4 foiz), Argentina (12,6 foiz), Meksika (10,8 foiz), Qozog‘iston (10,4 foiz) va O‘zbekiston (7 foiz). Shuningdek, Kongo Demokratik Respublikasiga (4,8 foiz), Filippinga (4,7 foiz), Nigeriyaga (4,6 foiz), Hindistonga (3,2 foiz) va Nikaraguaga (3 foiz) katta hajmdagi yuk jo‘natildi», — dedi ekspert. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha mamlakatlarda aholini koronavirus pandemiyasi fonida emlash ishlari olib borilayotgani sababli xorijda Rossiya vaksinalariga talab o‘sishda davom etishini kutish mumkin. 

Mavzuga oid
Top