15:20 / 03.02.2022
6343

TDTU va TATUning Qarshi filialida oflayn ta’limga bosqichma-bosqich qaytiladi

Toshkent davlat texnika universitetining 1-kurs talabalari 21 fevraldan, 2-kurs talabalari 14 fevraldan, 3- va 4-bosqich talabalari esa 7 fevraldan an’anaviy darslarga qaytadi. 1- va 2-kurs talabalari 7 fevraldan boshlab oflayn o‘qish boshlanguncha ta’tilda bo‘ladi. TATUning Qarshi filialida ham talabalarga yangi semestr oldidan qisqa ta’til beriladi.

Foto: Toshkent davlat texnika universiteti

Toshkent davlat texnika universitetida an’anaviy (oflayn) darslarga qaytish grafigiga asosan, talabalar universitetga bosqichma-bosqich qaytishadi.

TDTUning 1-bosqich talabalari 21 fevraldan, 2-bosqich talabalari esa 14 fevraldan, 3- va 4-bosqich hamda magistratura talabalari 7 fevraldan oflayn o‘qishga qaytadi.

Universitet O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Orifjon Zaripov Kun.uz bilan suhbatda ma’lum qilishicha, mazkur grafik avgust oyida tasdiqlangan.

1-bosqich talabalari 21 fevraldan, 2-bosqich talabalari 14 fevraldan, 3- va 4-bosqich hamda magistratura talabalari 7 fevraldan oflayn o‘qishga qaytishi rost. Biroq bu grafik o‘quv yili boshida, ya’ni o‘tgan yil avgust oyida tasdiqlangan.

1- va 2-bosqich talabalari kredit-modul tizimi bo‘yicha kerakli ballarni to‘plolmay, qarzdorlik vujudga keladigan bo‘lsa, yetarlicha ballarni to‘plashga ulgurishlari uchun grafik bo‘yicha ular bahorgi semestrni kechroq, ya’ni 21 va 14 fevraldan boshlashadi.

1- va 2-bosqich talabalari 14 va 21 fevralgacha onlayn ko‘rinishda ta’lim olishmaydi. Modul tizimi bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmagan talabalar o‘qish boshlanishini kutadi, qarzdorligi bor bo‘lgan talabalar esa o‘qish boshlanguncha bo‘lgan davrda qayta topshirish orqali kerakli ballarni to‘playdi. Har qanday holatda ham ular onlayn shaklda o‘qimaydi”, – dedi prorektor.

Ayni paytda, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali ham kunduzgi ta’lim shaklidagi talabalar uchun o‘quv jarayoni grafigi tasdiqlanganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra:

  • 1-kurs talabalari: 7 martdan an’anaviy tarzda bahorgi semestr uchun o‘quv jarayoni boshlanadi. 12 fevralgacha oraliq va yakuniy nazoratlarni ONLAYN topshirishadi. 14 fevraldan 5 martgacha ta’tilda bo‘lishadi.
  • 2-kurs talabalari: 14 fevraldan an’anaviy tarzda bahorgi semestr boshlanadi. 7 fevraldan 14 fevralgacha ta’tilda bo‘lishadi.
  • 3-kurs talabalari: 21 fevraldan an’anaviy tarzda bahorgi semestr boshlanadi. 7 fevraldan 19 fevralgacha ta’tilda bo‘lishadi.
  • 4-kurs talabalari: 7 fevraldan an’anaviy tarzda bahorgi semestr boshlanadi.
  • Magistratura talabalari: 21 fevraldan an’anaviy tarzda bahorgi semestr boshlanadi. 7-19 fevral kunlari ta’tilda bo‘lishadi.

Eslatib o‘tamiz, kecha O‘zbekistondagi barcha ta’lim dargohlari 7 fevral, dushanbadan boshlab an’anaviy darslarga qaytishi e’lon qilindi.

Top