10:19 / 04.02.2022
2575
Senatning Koreya Milliy assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasi tashkil etildi

2022 yil 4 fevral kuni Senat navbatdagi yalpi majlisi doirasida Senatning Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Foto: Senat.uz

Muhokamalar doirasida senatorlar oliy darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini o‘rnatish, vazirlik va idoralarning bu boradagi sa’y-harakatlarini birlashtirish va yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish muhimligini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha Senat komissiyasini tuzish tashabbusi taklif etildi.

Qonun ijodkorligi va nazorat faoliyati sohasida tajriba almashish, Janubiy Koreya moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar samaradorligini o‘rganish, Janubiy Koreya bilan amalga oshirish rejalashtirilgan investitsiya loyihalari bo‘yicha vazirlik va idoralarning takliflarini ko‘rib chiqish, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni o‘rnatish va kengaytirish, ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish dinamikasini tahlil qilish mazkur tuzilmaning asosiy vazifalari bo‘lishi kerak.

Senatorlar ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun maydon yaratilishi mamlakatlar o‘rtasidagi kelishuvlar asosida qo‘yilgan vazifalar ijrosi yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hisobotlari va axborotini eshitish imkonini berishini ta’kidladi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Senat qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra senatorlar va tegishli vazirlik hamda idoralar, kompaniyalar va fuqarolik jamiyati institutlari rahbarlari kiritilgan komissiya nizomi hamda shaxsiy tarkibi tasdiqlandi.  

Mavzuga oid
Top