16:43 / 05.02.2022
8613

Poytaxt sudlarining 9 nafar sudyasi javobgarlikka tortildi

2022 yil hisobidan 4 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi. Ularning bir nafari sudyalik qasamyodini buzgani sababli lavozimidan ozod etilgan.

Foto: Kun.uz

Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 2022 yilning o‘tgan davrida 4 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilgan. Ularning 3 nafari o‘z arizasiga ko‘ra, bir nafari – jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tuman sudining raisi Kamoliddin Xidirov sudyalik qasamyodini buzgani sababli lavozimidan ozod etilgan.

Bundan tashqari 2022 yilning 4 fevral kuni:

  • jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining sudyasi – X.Parpiyev;
  • fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining sudyasi – A.Mengliyev;
  • Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining sudyalari – I.Rajabov, N. Hamidov, O.Gulyamova, O.Ismoilov;
  • jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining raisi – I.Sabirov;
  • jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining raisi – Z.Bobonov;
  • jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining sudyasi – J.Najimov mas’uliyatsizligi va yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklari uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Eslatib o‘tamiz, jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tuman sudining raisi Kamoliddin Xidirov odil sudlovni amalga oshirishda qonuniylikni buzgani, sud ishini tashkil etishda beparvoligi va intizomsizligi oqibatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun shu yilning yanvar oyida Kengash tomonidan lavozimidan ozod etilgandi.

Avvalroq, Sudyalar oliy kengashi 2022 yildan boshlab tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash orqali sudyalarning mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida intizomiy javobgarlikka tortilgan sudyalar haqida muntazam ochiq axborot berib borilishini ma’lum qilgandi.

Top