20:59 / 06.02.2022
7309
Jizzaxda lok-bo‘yoq ortib ketayotgan yuk mashinasi yonib ketdi
Foto: Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida lok-bo‘yoq ortib ketayotgan ketayotgan yuk mashinasi yonib ketgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, bugun, 2022 yil 6 fevral kuni soat 18:28 larda Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga 101 qisqa raqami orqali M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumani hududidan o‘tuvchi 977-kilometrida harakatlanib ketayotgan yuk mashinasida yong‘in sodir bo‘lganligi to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan.

Hodisa joyiga darhol yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari yuborilgan va ular manzilga soat 18:45 da yetib borishgan. Yuk avtomobilida ko‘p miqdorda yengil alangalanuvchi va yonuvchi mahsulotlar (lak-bo‘yoq) bo‘lganligi sababli yong‘inni o‘chirishga qo‘shimcha kuch va vositalar jalb etilgan. Shundan so‘ng yong‘in o‘chirilgan.

Qayd etilishicha, yong‘in oqibatida hech kim jabrlanmagan. Yuk mashinasi va unga ortilgan mahsulotlar yonib ketgan. Hozirda yong‘in sababi va ko‘rilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Bugun 2022 yil 6 fevral kuni Samarqand viloyatida ham mahsulot ortib ketayotgan yuk mashinasi ag‘darilib ketgandi.

Mavzuga oid
Top