15:04 / 06.02.2022
28621

NYT: Rossiya Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlikning yakuniy bosqichida turibdi

Foto: Getty Images

Rossiya hozircha Ukraina hududiga bostirib kirishga tayyor emas, ammo harbiy amaliyotga tayyorgarlikning final bosqichida turibdi. Bu haqda The New York Times ukrain qo‘mondonligidagi manbalariga asoslanib xabar bermoqda.

Ukraina qo‘mondonligidagi manbalar so‘nggi ikki haftada Qrimga 10 ming atrofidagi rossiyalik harbiy o‘tkazilgani va yarimorolda joylashgan bo‘linmalarning ayrimlari yuqori jangovar shay holatga keltirilganini qayd etishgan. Shuningdek,  Qrimga Rossiya gvardiyasining bo‘linmasi yuborilganidan xavotir bildirilgan, ukrainalik harbiylarning hisoblashicha, bu bo‘linmadan egallangan hududlarni nazorat qilish uchun foydalanish ko‘zda tutilgan bo‘lishi mumkin.

Nashr bilan suhbatda bo‘lgan tahlilchilar fikricha, Qrimning Ukraina bilan chegaraga yaqin hududida harbiy amaliyotga tayyorgarlik ko‘rilmoqda — gospitallar va aloqa tizimlarini joylashtirish, radioelektron vositalariga qarshi choralar ko‘rish, aviatsiya va qo‘shimcha harbiy qismlarni ko‘chirib o‘tkazish kabi.

Ekspertlarning baholariga ko‘ra, Rossiya harbiy amaliyotga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini yakunlash uchun bir necha hafta  sarflaydi. Ular Rossiya chegarada yetarli miqdorda harbiy to‘plagani, ammo hozircha ta’minot liniyalari va boshqa infratuzilmalar tayyor emasligini ma’lum qilishgan.

Shu bilan birga, nashrning Ukraina qo‘mondonligidagi manbalari ham, ekspertlar ham Rossiya harbiylarini Ukraina bilan chegarada joylashtirish orqali aynan qanday maqsadlarni ko‘zlayotgani hanuz noaniq ekanini ta’kidlashgan.

  • G‘arb siyosatchilari va OAV bir necha oydan buyon Rossiya Ukraina bilan chegara hududida qo‘shin to‘playotgani haqida aytib kelmoqda, ularning fikricha, bu bosqinga tayyorgarlikdan darak beradi. Ukrainaga hujum qilingudek bo‘lsa, G‘arb Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etishni va’da qilgan.
  • Rossiya hukumati Ukrainaga hujum qilmasligini bildirib, chegara yaqinida harbiy bo‘linmalar joylashtirilishini mashg‘ulotlar bilan izohlagan.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top