09:50 / 06.02.2022
16342
Urgutda bir joyda takroran yosh bolalarni mashina urib ketyapti. Mas’ullar hozircha sukutda

Urgut tumani Mergancha mahallasi hududidagi piyodalar yo‘lagidan o‘tish xavfli bo‘lib qolgani haqida xabar berildi. Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi vaqtlarda “zebra”dan o‘tayotgan yosh bolalarni ikki holatda mashina urib yuborgan.

Kun.uz’ga ushbu holatlar aks etgan videotasvir jo‘natildi. Tahririyatga taqdim qilingan videolarning ikkisida ham yosh bolalar jabrlanuvchi. 2021 yilning 15 dekabr kuni sodir bo‘lgani aytilayotgan videoda oq rangli “Damas” piyodalar yo‘lagiga kirgan bolani (maktab o‘quvchisi bo‘lishi mumkin) urib yuborgan.

Foto: Kun.uz

Ikkinchi holat 2022 yilning 1 fevral kuni sodir bo‘lgani aytilmoqda. Ushbu vaziyatda ham avtomobillar tig‘izligi sabab yo‘ldan o‘tishga urinayotgan bolani ko‘rish mumkin. Bir necha urinishda mustaqil o‘zi eplolmagan bolakay yoshi katta odamga ergashib, yo‘lning narigi tomoniga o‘tib olmoqchi bo‘lgan. Ammo yo‘lning o‘rtasiga yetgan bolani qizil “Jiguli” katta tezlikda kelib urgan.

Foto: Kun.uz

Merganchaliklarning aytishicha, haftaning aksariyat kunlarida Urgut yangi bozori faoliyat olib boradi va ayniqsa, o‘sha kunlari bu yo‘l juda xavfli bo‘lib qoladi. Nafaqat texnika, balki piyodalarning ham harakatlanishi og‘irlashadi.

Mahalla ahli ushbu holatlarda asosan yosh bolalar jabrlanavergach, tuman mas’ullariga, IIBga xabar berganini aytmoqda. Ammo hozircha ushbu hududga svetofor yoki radar o‘rnatish taklifi inobatga olinmayapti.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top