23:33 / 07.02.2022
19963

AQSh desantchilari samolyotlari Polshaga kelishi davom etmoqda

Foto: EPA/Vostock-photo

7 fevral kuni Amerikaning C-17A Globemaster III og‘ir harbiy-transport samolyoti AQSh armiyasi 82-havo-desant diviziyasi bo‘linmasini Polshaga olib keldi.

Samolyot Fort-Bregg bazasidan (Shimoliy Karolina shtati) uchgan. U Polshaning Ukraina bilan chegaradan 90 km masofadagi Jyeshuv shahriga qo‘ngan. Vashington ma’muriyati qaroriga ko‘ra, bu yerda 82-havo-desant diviziyasi tarkibidagi 1,7 ming desantchidan iborat brigada guruhi joylashtiriladi.

Kun avvalida Jyeshuv-Yasenka aeroportiga yana bir C-17A Globemaster III harbiy-transport samolyoti kelib qo‘ngandi, Dover shahri (Delaver shtati) yaqinidagi aviabazadan uchgan samolyot yuk keltirgan.

Yaqin vaqt ichida Polshaga amerikalik desantchilarni olib uchgan yana bir samolyot kelishi kutilmoqda. Bu samolyot ham Fort-Breggdan havoga ko‘tarilgan.

AQSh armiyasining Yevropadagi qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, Amerika desantchilarining ilg‘or guruhi yakshanba kuniyoq Polshaga yetib kelgan. Birinchi reys bilan harbiy-transport samolyoti Jyeshuvga 82-diviziya generali Kristofer Donaxyuning bir necha o‘n kishilik bo‘linmasi va harbiy texnikalarni olib kelgan.

O‘tgan hafta oxirida Germaniyaning Visbadendagi bazasiga 82-diviziya tarkibidagi 18-havo-desant korpusi operativ shtabi harbiy xizmatchilari kelgandi.

O‘tgan haftaning chorshanba kunida o‘tkazilgan brifing chog‘ida Pentagon rasmiy vakili Jon Kirbi AQSh qurolli kuchlari qo‘mondonligi Ukraina atrofidagi vaziyat keskinlashgani tufayli GFR, Polsha va Ruminiyaga qo‘shimcha kuchlar tashlashi haqida ma’lum qilgandi.

Shu bilan birga, u bu qo‘shinlar Ukrainada jang qilmasligini aytgan. «Ular NATO bo‘yicha ittifoqchilarning ishonchli himoyasini ta’minlashi kerak», degandi u.

Ittifoqchilar xavfsizligini mustahkamlash uchun Yevropaga qo‘shimcha 3 ming amerikalik harbiy xizmatchi joylashtirilishi rejalashtirilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top