16:15 / 07.02.2022
10039

Lukashenko Belarus favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari qurollantirilishini aytdi

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruvchilarni qurollantirish zarur, chunki Belarusga 200 yoki 300 ming kishilik armiya kerak emas.

Foto: RIA Novosti

Belarus favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlarining bir qismi qurollantirilishi mumkin. Bu haqda mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko ma’lum qildi.

"FVVning barcha xodimlari kuch ishlatish blokiga aylanishni istamoqda. Ammo kuch ishlatish tizimi bo‘lish uchun yaxshi qurolga ega bo‘lish lozim. Men qaysi qismlarni qurollantirishni aniqlash bo‘yicha buyruq berdim", - dedi Lukashenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruvchilarni qurollantirish zarur, chunki Belarusga 200 yoki 300 ming kishilik armiya kerak emas.

"Kichkinagina mamlakatda 200-300 ming kishilik muntazam qurolli kuchlarga ega bo‘la olmaymiz. Qurolli kuchlarimiz soni 65 ming kishi bo‘lishiga kelishib olganmiz. Ammo biror nizo, Xudo ko‘rsatmasin, urush bo‘lsa, favqulodda vaziyatlarning baquvvat xodimlari chetda turadimi? Yo‘q. Ular faqat o‘t o‘chirish bilangina shug‘ullanmaydi", - dedi Aleksandr Lukashenko.

 Belarus prezidentining ta’kidlashicha, ular bir tomondan qutqaruvchi, boshqa tomondan vatan himoyachisi bo‘lishadi.

"Buning uchun esa qurolga ega bo‘lish kerak. Qanday qurolga? To‘pponcha, avtomat, granatomyotlarga yoki ularni texnikalar bilan ham qurollantiramizmi? Menimcha, ha. Va armiyamiz uchun bu har ehtimolga qarshi jiddiy aktiv bo‘ladi", - dedi u.

Top