17:11 / 08.02.2022
36165
60-yillarga tushib qolgandek bo‘lasiz – “Konchilar shaharchasi”dan fotoreportaj

To‘rt tomoni tog‘ bilan o‘ralgan Yangiobod konchilar shaharchasidagi muhit 1960-yillarni eslatadi. U yerdagi barcha binolar, zinalar va yo‘llar – hammasi tarixiy. Kun.uz muxbiri shaharchadan fotohikoya tayyorladi.

Konchilar shaharchasi Toshkent viloyatining Angren shahrida joylashgan. Poytaxtdan taxminan 2 soatcha yurib, Yangiobod konchilar shaharchasiga yetib bordik.

Shaharchada o‘zingizni o‘tgan asrning 60-yillariga tushib qolgandek his qilasiz. To‘rt tomoni tog‘lar bilan o‘ralgan shaharchadagi barcha binolar tarixiyligini saqlab qolgan. Bir tomonidagi jarlikdan buloq oqadi, suvning shovqini tabiatga ko‘rk berib turadi. Odamlar hamon pastak, eski uylarda yashaydi, zinalar va butun shaharchaning arxitekturasi buzib qayta bo‘yalmagan, aslidek.

Eng e’tiborni tortadigan joy – mahalla binosi. Ilgari musiqa maktabi bo‘lgani uchun bino oldida rus kompozitori Mixail Chaykovskiyning haykali qad rostlagan. Keyinchalik Yangiobod Angrenga qo‘shilgach, bino mahalla fuqarolar yig‘iniga berilgan.

«Konchi» madaniyat saroyi. 1965 yilda qurilgan, 80-yillarda rekonstruksiya qilingan. Hozirda madaniy tadbirlar o‘tkaziladi.

Shaharchada odam kamligi yaqqol seziladi. Asosan keksalarni uchratish mumkin. Kon yopilguncha shaharchada 3 ming nafar aholi bo‘lgan, hozir 500 atrofida aholi istiqomat qiladi. 

84 yoshli Bo‘ston aya 

Ushbu hududda ilgari «Chilten» uran koni bo‘lgan va shu sababli “Konchilar shaharchasi” deb atalgan. Konning debeti (samaradorligi) pasayib borishi bilan 1985-yillarda uni yopish ishlari boshlangan, 90-yillargacha rekultivatsiya ishlari yakunlanib, kon butkul yopilgan.

1997 yildan boshlab konda direktor vazifasida ishlagan yangiobodlik Tolibjon Nurmatov Kun.uz bilan suhbatda Yangiobodning 26-kilometrida ruda borligini taxmin qildi.

“Konning 56ta shaxtasi bo‘lgan, Yangiobodning o‘zida Alatanga, Jyekendeg, Kattasoy soylarida shaxtalar bo‘lgan. Ularning baridagi ruda Yangiobodga kelib tushgan. Rudani Leninobod (Tojikiston)ga keyingi ishlov berish uchun yuborilgan.

Agar qidiruv ishlari amalga oshiriladigan bo‘lsa, Yangioboddan tortib 26-kilometrgacha uran bor. Chunki 26-kilometrdan ruda suvi chiqadi”, - deydi sobiq konchi.

Uning aytishicha, 1997 yilgacha Yangiobodning o‘z hokimiyati bo‘lgan, keyin Angrenga qo‘shilgan.

Shaharchada maktab yo‘q, bolalar kamchilikni tashkil qilgani uchun avtobusda tahminmn 10 km uzoqlikdagi Dukentga qatnab o‘qishadi. Biroq bolalar bog‘chasi bor.

Shaharchada poliklinika, stomatologiya, dam olish maskani va mehmonxonalar joylashgan. Biroq turistlar u qadar ko‘p emas, mehmonxonalarda ham deyarli kimsa yo‘q.

Tog‘ yonbag‘ridagi yo‘llarda turistlar, mehmonlardan ko‘ra ko‘proq sportchilarni uchratish mumkin. Mashinalar kam yo‘lda sportchilar yugurishadi.

Rasmlar muallifi Madina Ochilova

Mavzuga oid
Top