23:10 / 08.02.2022
9960

Isroil-Falastin nizosini tinch yo‘l bilan hal etish rejasi ishlab chiqildi

Rejaga ko‘ra, Isroil va Falastin alohida hukumatlarga ega bo‘ladi, ammo xavfsizlik, infratuzilma va boshqa masalalar bo‘yicha harakatlarini yuqori darajada muvofiqlashtiradi.

Foto: Getty Images

Isroil va Falastin siyosiy arboblari Yosi Beylin va Hiba Husayniy Isroil va Falastin nizosini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha yangi rejani taklif qildi. Associated Press agentligining xabar berishicha, reja doirasida ikki entitetdan iborat konfederativ davlat tuzish taklif qilingan. 

Falastin davlati Iordan daryosining G‘arbiy qirg‘og‘i, Sharqiy Quddus va G‘azo sektoridan iborat bo‘ladi. Bunda G‘arbiy qirg‘oqdagi yahudiylar maskanlari masalasi quyidagicha hal etiladi: chegara hududlardagi maskanlar Falastinga mazkur maskanlarga teng hududlarni berish evaziga Isroil nazoratiga o‘tadi.

Ehtimoliy chegaradan uzoqda yashaydigan yahudiylarga yashash joyini o‘zgartirish yoki Falastinda yashash guvohnomasini olish taklif qilinadi. Isroilda ham shuncha nafar falastinlik qochqinlarga yashash guvohnomasi beriladi.

Rejaga ko‘ra, Isroil va Falastin alohida hukumatlarga ega bo‘ladi, ammo xavfsizlik, infratuzilma va boshqa masalalar bo‘yicha harakatlarini yuqori darajada muvofiqlashtiradi.

Isroil va Falastin ma’muriyatlari mazkur tashabbusga izoh bermadi.

Beylin va Husayniy kelasi haftada o‘z rejalarini AQSh davlat kotibining o‘rinbosari Vendi Sherman va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga taqdim etadi.

Mavzuga oid
Top