12:36 / 09.02.2022
36525

Bayden oldida «bechoragina ko‘ringan» Shols: Germaniya kansleri ilk marta AQShga bordi

Germaniya kansleri Olaf Shols vazifasiga kirishganidan buyon ilk marta AQShga bordi. Germaniya yetakchisi Amerika prezidenti Jo Bayden bilan Ukraina atrofidagi voqealar keskinlashib ketayotganini muhokama qildi.

Foto: Wall Street Journal

Germaniyaning «nozik joyi»

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda G‘arb qo‘llaydigan sanksiyalarga javoban Yevropaga gaz berishni to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Bu esa Yevropa Ittifoqi va ayniqsa Germaniya uchun jiddiy muammoga aylanadi. Chunki nemislar yaqin kelajakda AESlardan to‘liq voz kechishni rejalashtirayotgan bir vaqtda rus gaziga tobora ko‘proq bog‘lanib qolmoqda. Rus gazi Yevropadan uzilgan taqdirda muqobil sifatda Qatar va Ozarboyjon varianti qaralayotgandi, ammo har ikki davlat Yevropaga yordam berishga tayyorligini bildirish bilan birga Rossiya berayotgan miqdorda gaz yetkazib berolmasligini ma’lum qildi. Chunki ularning amaldagi shartnomalari bunga yo‘l bermaydi.

Bayden ham Germaniyaning bu «nozik jihati»ni bilgani uchun Shols bilan uchrashuvda Rossiyadan Yevropaga boradigan «Shimoliy oqim-2» gaz o‘tkazgichi haqida gapirdi. Uning aytishicha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, «Shimoliy oqim-2»ning kelajagi haqida o‘ylamasa ham bo‘ladi. «Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, tank yoki askarlar yana Ukraina chegarasini bosib o‘tsa, «Shimoliy oqim-2» haqida unutsa ham bo‘ladi. Bu mavzuga nuqta qo‘yamiz. Sizga so‘z beraman, bu qo‘limizdan keladi», dedi Bayden.

AQSh prezidenti Germaniyani mamlakatning yaqin hamkori deb atab, «Rossiya agressiyasi» va Xitoy tomonidan bo‘ladigan chaqiruvga ham birgalikda kurashishini aytdi.

Germaniya kansleri Rossiyaga qarshi keskin gapirishdan tiyildi. Axir Germaniyada doim Rossiya bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga harakat qilishadi. «Biz ittifoqchi va hamkorlarimiz, AQSh bilan kelishgan holda kerakli ishlarni qilamiz», dedi nemislar yetakchisi.

Shols «Ukrainaga nisbatan Rossiya agressiyasi»ga qarshi birgalikda harakat qilish zarurligini ham aytib o‘tdi va Bayden bilan uchrashuv juda-juda vaqtida o‘tkazilganini ta’kidladi.

CNN'ning o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hamda Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning uchrashuvi aynan «Shimoliy oqim-2» bo‘yicha ixtilof sabab bekor qilindi. Germaniya TIV rahbari mamlakat «Shimoliy oqim-2»dan voz kechishga tayyor ekanini aytishdan bosh tortgan. Shuningdek, Germaniyaning uchuvchi qurollar joylashtirish borasida pozitsiyasi ham Ukrainaga to‘g‘ri kelmagan. Germaniya kansleri ham yaqinda Ukrainaga qurol yubormasligini aytgandi.

Bayden Germaniya kansleriga Putin bilan suhbatlarda maksimal darajada keskin gapirganini aytib, «maqtanib ham qo‘ydi». «Menimcha, Putinning o‘zi ham nima qilishini bilmaydi. U bilan telefon suhbatlarida ham, uchrashuvimizda ham maksimal darajada ochiq va keskin bo‘ldim. Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, oldin aslo qo‘llanmagan sanksiyalar kiritamiz. Bu iqtisodiy sanksiyalar ularga kelajakda qimmatga tushadi», dedi Bayden.

«Bosqinning bahosi qimmat bo‘ladi»

Germaniya kansleri G‘arb Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, keskin va tezkor choralar tayyorlayotganini aytdi. «Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, bu uchun juda qimmat tovon to‘laydi. Ukrainaga nisbatan harbiy harakatning javobi Rossiyaga qimmatga tushadi», dedi Germaniya yetakchisi.

Kansler uchun ilk sinov

Germaniyaning oldingi kansleri Angela Merkel dunyo siyosatida juda muhim o‘rin tutgan yetakchi edi. Ko‘plab yetakchilar Merkel bilan siyosiy yechimlarni muhokama qilardi. Olaf Shols esa ayni damda Germaniya yetakchisi lavozimiga kirishgandan keyin ilk jiddiy sinov oldida turibdi. Kansler 14 fevral kuni Kiyevga borib, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi. Keyingi kuni esa Kremlda Putin bilan muzokara o‘tkazadi. Bu uchrashuvlar davomida Shols dunyo siyosatiga qanchalik ta’sir qila olishini chamalash mumkin bo‘ladi.

Merkel shubhasiz, Yevropaning asosiy lideri edi. Uning ketishidan keyin ham bu yetakchilik Germaniya kanslerida qolishi esa kafolatlanmagan, chunki Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bu borada jiddiy qadamlar tashlashga ulgurdi. Ukraina inqirozi vaqtida Putin bilan eng ko‘p gaplashgan Makron 7 fevral kuni Rossiya prezidenti bilan Kremlda uchrashuv o‘tkazdi. 5 soatdan ortiq davom etgan muzokaralarda Putin Makronni senlab gapirgani kabi Fransiya yetakchisi ham rossiyalik hamkasbini ismi bilan chaqirishga jazm etdi.

G‘arb nashrlarida yozilishicha, Makron bilan uchrashuvda Putin hamkasbiga Ukraina bilan chegaradan 30 ming askarni olib ketishga va’da bergan. Bu shuni anglatadiki, Shols Yevropa Ittifoqining asosiy siyosatchisiga aylanishi uchun ko‘p ter to‘kishi kerak. Makron bu borada yaxshigina ilgarilab ketdi.

Germaniya hamon masofa saqlamoqda. Nega?

Germaniya kansleri Bayden bilan qandaydir muayyan masalalar bo‘yicha kelishuvga erishgandir, ammo uchrashuvdan keyingi brifingda Shols eng asosiy mavzu – «Shimoliy oqim-2» haqida hech narsa demadi. Oq uy saytida brifingning to‘liq matni e’lon qilindi. Unda jurnalistlar, Bayden va Shols o‘rtasida qiziqarli savol-javob bo‘lib o‘tdi. Bu vaqtda Germaniya kansleri qiyin ahvolda qoldi deyish ham mumkin.

Bayden va Shols uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida / REUTERS

Bayden: Agar Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tsa, «Shimoliy oqim-2» haqida o‘ylashmasa ham bo‘ladi. Biz bu savolga yakun yasaymiz.

Savol: Buni qanday qilmoqchisiz, axir «Shimoliy oqim-2» nazorati Germaniya qo‘lida-ku?

Bayden: Ishoning, bu bizning qo‘limizdan keladi.

Shols: Savol uchun rahmat. Biz Rossiya Ukrainaga kiradigan bo‘lsa, birgalikda choralar tayyorlab qo‘yganmiz.

Shunda Olaf Sholsdan «Shimoliy oqim-2» haqida yana so‘rab, bu borada aniq pozitsiyasini bildirmayotganini aytishdi. Kansler esa yana gapni olib qochib, «Biz birga harakat qilamiz» deyishdan nariga o‘tmadi. Shu tariqa, muloqot davomida Shols Bayden oldida «bechoragina ko‘rinib qoldi».

«Shimoliy oqim-2» haqidagi savollardan «terlab pishgan» Shols Wall Street Journal jurnalistining iqlim o‘zgarishi haqidagi savolidan shunday xursand bo‘ldiki, unga yayrab javob berdi.

«Savolingiz uchun tashakkur, bu borada gapirmoqchi edim. Biz tez orada gaz va neftdan foydalanishdan voz kechishni boshlaymiz. Bosqichma-bosqich. 2045 yilga borib dunyoning eng yirik iqtisodlaridan biri sifatida Germaniya energiya olishda ugleroddan xoli hududga aylanadi.

Qayta tiklanuvchi energiya deganda biz asosan uyni isitish va mashinani yurgizishni tushunamiz, ammo biz bunday energetikadan ishlab chiqarishda, kimyoviy moddalar, sement sanoatida ham foydalanmoqchimiz. Germaniya shamol va quyosh energetikasini ham yanada rivojlantiradi. Biz qayta tiklanuvchi energiya borasidagi yangiliklarimizdan ittifoqchilarmiz ham foydalanishiga imkon beramiz», dedi Shols.

Germaniya kansleri savollar ohangidan nahotki nemislar rus gaziga shunchalik bog‘lanib qolgan, degan kinoyani tushundi chog‘i, aslida bunday emasligini aytib o‘tdi. «Ayni damda biz energiya uchun ishlatayotgan gazning aksar qismi Norvegiya hamda Niderlandiyadan keladi, bir qismi esa Rossiyadan. Shunday ekan, bundan (Rossiya Yevropadan gazni uzishi nazarda tutilmoqda) bu resursga bog‘lanib qolganlar xavotirlanishi mumkin. Biz kelajak qayta tiklanuvchi energiyada ekanini bilamiz va shu yo‘ldan davom etamiz», dedi u.

Ekspertlar nima deydi?

Rossiya bo‘yicha nemis eksperti Shtefan Maysterning aytishicha, Germaniya baribir AQSh bilan bir fikrga keladi: «Menimcha, Germaniya Rossiyaga qarshi barcha sanksiyalarni qo‘llaydi, «Shimoliy oqim-2» borasidagi sanksiyani ham».

Ekspert Germaniya Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatmasligiga ham ishonmoqda.

Avstriyalik ekspert Gerxard Mangottning fikricha, AQSh va Germaniya o‘rtasida Rossiya borasida kelishmovchilik mavjud. Uning aytishicha, Germaniya hamda AQSh o‘rtasidagi munosabatlar har qancha iliq bo‘lmasin, ular Rossiya borasida bir fikrga kela olishmayapti. «Shols Vashingtonga tashrifi orqali AQSh uchun yaxshi sherik ekanini isbotlash barobarida xalqaro sheriklarda ham biror mavzuda kelishmovchilik bo‘lishi tabiiyligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi», deydi ekspert.

Ekspert Bayden bilan uchrashuvda Shols uchun eng qiyin bo‘lgan «Shimoliy oqim-2» haqida ham gapirdi: «Bayden «Shimoliy oqim-2» haqida gapirganda Shols bu fikrni davom ettirishni ham xohlamadi, bu sezilib qoldi. Gap shundaki, Germaniya Rossiya gazni uzib qo‘ysa, muqobil davlat topa olishiga hali ishonmayapti, shu bois tavakkalchilik qilmoqchi emas. Ammo Bayden Germaniyasiz ham gaz o‘tkazgichni to‘xtata olishini aniq aytdi».

Ekspert Magnottning taxminicha, Germaniya va AQSh o‘rtasida Rossiya borasida yakdillik mavjud bo‘lmagani kabi bu ikkilanish NATOning boshqa ittifoqchilari orasida ham bor. Aks holda ular Rossiyaga qarshi aniq qanday choralar ko‘rajagi haqida qo‘shma bayonot bergan bo‘lishardi.

Yana bir nemis eksperti Mixail Kyufnerning aytishicha, Shols dunyo yetakchisi AQSh prezidenti oldida aytarli «yetarlicha dadil bo‘la olmagan».

«Bayden garchi bu borada nazorat Germaniya qo‘lida bo‘lsa ham, «Shimoliy oqim-2»ni to‘xtatib qo‘ya olishini aytdi. O‘z sherigiga ishonchi baland bo‘lgan dunyo yetakchisigina aynan shu tilda gapiradi. Shols esa «Rossiyaga qimmatga tushadi», «Buning oqibati yomon» kabi mujmal gaplarni takrorladi. Bu tilni esa Amerikada tushunishmaydi, ayniqsa kongressmenlar tushunmaydi», deydi ekspert. Uning aytishicha, Shols inglizchani yaxshi bilsa-da, nemis tilida so‘zlashni afzal ko‘rgan va Amerika nashrlari sarlavhasiga tortadigan biror tayinli gap aytmagan.

Germaniyada Shols Vashingtonga safari oldidan yo‘qolib qolgani tanqid qilindi, bu borada #SholsQayerda? degan heshteg ham ommalashdi. Nemislar Shols Germaniya kansleri hamon Yevropa yetakchisi ekaniga shubha bildira boshlashdi. Mixail Kyufnerning aytishicha, Olaf Shols uchun AQShga tashrif juda muvaffaqiyatsiz chiqqan.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top