12:00 / 11.02.2022
12875

Dengiz tomon yo‘l, vizalar va turizm – Eronning O‘zbekistondagi elchisi bilan suhbat

So‘nggi yillarda faol tashqi siyosat olib borishni boshlagan O‘zbekiston Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalar davlatlari bilan siyosiy va iqtisodiy sohalarda hamkorlikni kengaytirish yo‘lidan bormoqda. Tashqi iqtisodiy aloqalar geografiyasini kengaytirish uchun esa okeandan har tarafdan ikkitadan davlat bilan ajralib qolgan O‘zbekiston dengiz yo‘llariga chiqishni maqsad qilgan. Buning uchun esa eng qulay nuqtalardan biri sifatida Afg‘oniston orqali Eron va Pokiston portlari tomon harakatlanmoqda.

Shuningdek, 2021 yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron prezidenti Ibrohim Raisiy o‘rtasidagi uchrashuvlardan so‘ng – bir qancha vaqt yopilib qolgan Turkmaniston orqali Eron portlariga chiqish masalasi ham oldinga siljishi kutilmoqda.

Logistikadan tashqari, ikki mamlakat o‘rtasida fuqarolarning erkin harakatlanishi, mintaqadagi qurg‘oqchilikka qarshi kurash, turizm va xavfsizlik kabi masalalarda hamkorlikning istiqbollari mavjud.

Kun.uz muxbiri shu kabi mavzularda Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayyirobodiy bilan suhbatlashdi.

Eronning O‘zbekistondagi elchisi Hamid Nayyirobodiy / Foto: Senat matbuot xizmati

– Eron Islom Respublikasining yangi prezidenti Ibrohim Raisiyning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston qanday o‘rin tutadi?

– Qo‘shni davlatlar bilan yaqin va keng hamkorlik qilish Eron Islom Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Sayyid Ibrohim Raisiy janoblari prezidentligi boshlanishi bilan Eron tashqi siyosatidagi ushbu yo‘nalish alohida e’tibor markaziga aylandi. Shunga ko‘ra qo‘shni mamlakatlar, xususan, O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, o‘zaro savdo hajmini oshirish alohida ustuvorlik kasb etgan. Chunki Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy-madaniy mushtarakliklar betakror bo‘lib, davlatlarimiz iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiruvchi bo‘la oladi.

Bundan tashqari, Eron va O‘zbekiston rahbarlarida ikki davlat munosabatlari darajasini ko‘tarishga bo‘lgan iroda va intilish mavjud. Bularning barchasi ikki mamlakat o‘rtasidagi yaxshi munosabatlarni mustahkamlovchi va yanada rivojlantiruvchi omillar va unsurlar hisoblanadi.

– O‘zbekistonning kelajakda dengizga chiqish rejalari orasida «O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon» yo‘lagiga ham e’tibor qaratilgan edi. Negadir bu loyiha sekinlashib yoki umuman to‘xtab qolgandek tuyulmoqda. Hozir bu rejalar qaysi bosqichda?

– O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron va Ummon o‘rtasida xalqaro transport va tranzit yo‘lagi yaratishni ko‘zda tutuvchi to‘rt tomonlama Ashxobod bitimi 2011 yili ushbu davlatlar o‘rtasida imzolangan. Ushbu yo‘lakni ishga tushirish orqali Markaziy Osiyoni Fors ko‘rfazi va Ummon qo‘ltig‘i bilan bog‘laydigan ushbu yo‘nalishdagi qatnovni yengillashtirish maqsadida Ashxobod bitimini amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan. Ana shu asosda shu kunga qadar mazkur bitimga a’zo davlatlar o‘rtasida bir necha ekspertlik majlisi o‘tkazildi.

Eron Islom Respublikasi prezidenti Ibrohim Raisiy janobi oliylari va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining ShHTning Dushanbe sammiti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan sammiti doirasida amalga oshgan o‘ta muhim uchrashuvlarida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Ikki mamlakat rahbarlarining ushbu yo‘lakni ishga tushirish hamda undagi qatnov uchun qulay sharoitlar yaratishga urg‘u berganliklaridan kelib chiqqan holda, tez orada Ashxobod bitimiga a’zo davlatlar Transport vazirlari uchrashuvini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish rejalashtirilgan.

2021 yil 16 sentyabr kuni ShHT doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron prezidenti Ibrohim Raisiy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. / Foto: Prezident matbuot xizmati

– O‘zbekiston tashkil qilishga urinayotgan Trans-afg‘on yo‘laklari keyinchalik Eron portlariga ham bog‘lanishi mumkin. Ushbu logistika yo‘laklari qanday istiqbollarga ega?

– O‘zbekiston har tomonlama quruqlik bilan o‘ralgan mamlakat bo‘lib, o‘z ichki ehtiyojlarini qondirish hamda ishlab chiqargan tovarlari va mahsulotlarini eksport qilish uchun portlarga va ochiq dengizga chiqishga ehtiyojmanddir. Shu nuqtayi nazardan Afg‘oniston Eronning janubiy portlari, jumladan, Bandar-Abbos va Chobahor portlari, shuningdek, Pokiston portlariga chiqish yo‘lagi sifatida doimo Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekistonning diqqat markazida bo‘lib kelgan.

Trans-afg‘on yo‘nalishida ikki transport-tranzit yo‘lagi ko‘zda tutilgan. Ularning birinchisi Termiz – Mozori-Sharif – Hirot avtomobil va temir yo‘li yo‘lagi bo‘lib, uning Eron chegarasiga va undan so‘ng Eronning janubiy portlari – Bandar-Abbos va Chobahor portlariga borib ulanishi rejalashtirilgan.

Transafg‘on koridori

Ushbu yo‘lakning O‘zbekistonning Termiz shahridan Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahrigacha bo‘lgan 100 kilometrlik qismi O‘zbekiston tomonidan, Eronning Xavof shahridan Afg‘onistonning Hirot shahrigacha bo‘lgan 225 kilometrlik qismining katta bo‘lagi esa Eron tomonidan qurilib, foydalanishga topshirilgan. Mozori-Sharif va Hirot shaharlari o‘rtasidagi 660 kilometrlik yo‘lak qurilib, ishga tushirilgach, O‘zbekiston va Eron temiryo‘llari Afg‘oniston hududi orqali bir-biriga bog‘lanadi. O‘zbekiston ushbu yo‘lak orqali Eronning janubiy portlariga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Mozori-Sharif – Hirot yo‘lagini qurib, ishga tushirish 2,7 mlrd AQSh dollariga tushadi. Albatta,har qanday loyihani amalga oshirish uchun kerak bo‘lgan eng birinchi va eng muhim shart xavfsizlikdir.

– Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 430 million dollar atrofida. Ikki yirik davlat iqtisodiy hamkorlikni oshirish uchun qanday rejalar qilmoqda?

– Quvontiradigan jihati shuki, 2021 yili mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 431 mln AQSh dollarini tashkil etdi. Bu oldingi yilga nisbatan 73 foiz o‘sishni ko‘rsatadi. O‘zaro savdo ayirboshlashning ushbu hajmi, albatta, ijobiy tendensiyadan darak bersa-da, ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy sohaning turli yo‘nalishlaridagi mavjud imkoniyatlariga mos emas. Ikki mamlakatdagi mavjud salohiyat va imkoniyatlarni faollashtirish orqali o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yiliga 2 milliard yevro miqdoriga qadar oshirish mumkin.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik darajasini oshirish maqsadida turli chora-tadbirlar amalga oshirilishi, jumladan ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqish, 2022 yilning 20-21 fevral kunlari Tehron shahrida Eron va O‘zbekiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning o‘n to‘rtinchi majlisini hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum o‘tkazish, Toshkentda Birinchi Eron sanoat va ishlab chiqarish yutuqlari ko‘rgazmasini o‘tkazish va boshqalar ko‘zda tutilgan.

– O‘zbekiston va Eron o‘rtasida madaniy-gumanitar sohada aloqalar qay holatda? Ikki mamlakat Buyuk Ipak Yo‘li bo‘ylab turizmni rivojlantirish borasida hamkorlik qilishi mumkinmi?

– Eron xalqi O‘zbekiston xalqi va ushbu yurtning tarixiy shaharlariga katta qiziqish bilan qaraydi. Shubha yo‘qki, Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarning yanada kengayishi, hamkorlik sohalarining ko‘payishi va viza rejimi yengillashtirilishi bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik almashuvning misli ko‘rilmagan darajada o‘sishiga guvoh bo‘lamiz. Bugungi kunda Eronda Temuriylar davriga oid ko‘plab tarixiy obidalar mavjud bo‘lib, ular o‘zbekistonlik turistlar uchun qiziqarli bo‘lishi mumkin. O‘z navbatida, eronliklar O‘zbekistonning turistik jozibalariga nisbatan katta qiziqish bilan qaraydi.

Hozirgi paytda ikki davlat kelgusi to‘rt yilga mo‘ljallangan turizm sohasidagi hamkorlik dasturini imzolashni mo‘ljallamoqda. Mazkur hujjat ishlab chiqilgan va imzolashga tayyorlangan.

Ushbu hujjatning eng muhim jihatlaridan biri ziyorat turizmiga hamda turistik dasturlarda ishtirok etishga bo‘lgan e’tibordir. Bundan tashqari, turistik ayirboshlash kengayishi uchun Eron va O‘zbekistonning boshqa shaharlari o‘rtasida ham havo qatnovlarini, shuningdek, Eron bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston o‘rtasida avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

Eron va O‘zbekiston o‘rtasida Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hujjat loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, uning yaqin orada ikki davlat mutasaddilari tomonidan imzolanishi kutilmoqda.

– Ikki davlat yetakchilari yaqin kelajakda o‘zaro oliy darajadagi tashriflar almashishni rejalashtiryaptimi?

– Sayyid Ibrohim Raisiy janoblarining hokimiyatga kelganidan buyon o‘tgan vaqt ichida Eron va O‘zbekiston prezidentlari Dushanbe va Ashxobod shaharlarida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy tashkilotlar sammitlari doirasida ikki marta uchrashdilar. Ushbu ikki uchrashuv o‘ta samarali bo‘lib, o‘zaro aloqalar rivojiga katta turtki berdi. Shunga qaramasdan ikki davlat rahbarlarining ikki tomonlama o‘zaro rasmiy tashriflariga bo‘lgan ehtiyoj saqlanib qolmoqda. Ikki prezident shu kunga qadar bir-birlarini o‘z mamlakatlariga rasmiy tashrif buyurishga taklif etdilar. Ushbu tashriflar joriy va kelgusi yilda amalga oshishiga umid qilamiz.

– Eron hukumati turizmni kuchaytirish maqsadida 60 dan ortiq mamlakat fuqarolari uchun vizadan voz kechish dasturini joriy etishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqalgandi, lekin hozircha bu amalga oshmadi. Umuman, Eron O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etishi yoki rejalashtirishi mumkinmi?

– Turizmni rivojlantirish maqsadida turli chora-tadbirlar, jumladan ayrim mamlakatlar bilan vizasiz rejim o‘rnatish amalga oshirilmoqda yoki shunday rejim o‘rnatish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Eron O‘zbekiston mutasaddilari bilan ikki mamlakat o‘rtasida shunday rejim o‘rnatish masalasini muhokama qilishga tayyor.

Erondagi mashhur “Nosir al-Mulk” masjidi / Foto: washington.edu

O‘zaro vizalarning bekor qilinishi va o‘zaro bordi-keldilarning osonlashtirilishi ikki mamlakat o‘rtasida turizm va savdo-iqtisodiy sohalardagi aloqalarning rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatib, ikki xalq manfaatlariga xizmat qiladi.

– Markaziy Osiyo mintaqasi va Eronning sharqiy viloyatlarida kuzatilayotgan cho‘llanish hamda ichimlik suvining kamayishi borasida hamkorlikda amalga oshirish uchun rejalar bormi?

– Eron va Markaziy Osiyo mamlakatlari quruq va yarim quruq hududlarda joylashgan. Shu sababli bu mamlakatlar uchun suv masalasi va suv resurslari taqchilligi muammosi doimo favqulodda ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ekologik bo‘hronlar va ularning salbiy oqibatlari, jumladan suv resurslari taqchilligi, shuningdek cho‘llanishga qarshi kurashda g‘alaba qozonish qo‘shni davlatlarning yakdilligi va har tomonlama hamkorligini talab qiladi.

Erondagi Urumiya ko‘li va O‘zbekiston hududidagi Orol dengizi so‘nggi davrlarda yog‘ingarchilik kamligi va ularga borib quyiladigan suv miqdori kamayib ketishi natijasida quriy boshladi. Eron va mintaqa davlatlari o‘rtasida ekologik buhronlarning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish va tajriba almashuv bu sohadagi hamkorlik yo‘nalishlaridan biri bo‘la oladi.

– Ancha vaqt davomida ShHTda kuzatuvchi davlat maqomida bo‘lgan Eron nihoyat 2021 yilda ushbu xalqaro tashkilotga qabul qilindi. Eron ushbu ShHTga nima maqsadda qo‘shildi va undan nimalar kutmoqda?

– Yuqorida aytib o‘tganimizdek, qo‘shni davlatlar bilan yaqin va keng hamkorlik qilish Eron Islom Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Yaqin va nufuzli qo‘shni davlatlarni o‘zida birlashtirgan muhim tashkilotlardan biri ham ana shu Shanxay hamkorlik tashkilotidir. Shubhasiz, yakdillik va kollektiv hamkorlik vositasida ko‘pgina muammolarni bartaraf etish hamda turli, jumladan savdo-iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlik sohalaridagi o‘zaro manfaatlarni ta’minlash mumkin bo‘ladi.

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy Tojikistonda bo‘lib o‘tgan ShHTning navbatdagi sammitida ishtirok etmoqda. 2021 yil sentyabr.

– Xalqaro aktorlar Eron va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida munosabatlarga ta’siri qanday?

– Raqib aktorlar xalqaro munosabatlarda muayyan o‘rin tutsalar-da, Eron Islom Respublikasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy, iqtisodiy va insoniy aloqalar shunchalik mustahkamki, ancha-muncha aktor ushbu aloqalarga salbiy ta’sir ko‘rsata olmaydi.

Eron Markaziy Osiyo respublikalari mustaqilligini rasman tan olgan ilk davlatlardan hisoblanadi. Avvalboshdan Eronning Markaziy Osiyoga yondashuvi o‘zaro hurmat va hamkorlikka asoslangan. Eron ushbu mintaqadagi rivojlanish va barqarorlikka olib keladigan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlab kelgan va qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Ammo Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro manfaatlarga asoslangan tabiiy va institutlashgan munosabatlar bo‘lib, xalqaro aktorlar ta’siridan tashqaridadir.

Ikki mamlakatning barcha ikki tomonlama va ko‘p tomonlama sohalardagi aloqalari hamda mintaqaviy va xalqaro hamkorligi yorug‘ istiqbollarga ega. Ikki davlat rahbarlarining joriy yilda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan uchrashuvi yakunida Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida har tomonlama munosabatlarning rivojlanishi uchun zamin tayyorlaydigan turli sohalarga oid ko‘plab hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

– Eronning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarida Afg‘onistondagi vaziyatning o‘rni qanday?

– Eron va O‘zbekiston o‘rtasida mintaqaviy va xalqaro masalalar va buhronlar borasida yaqin hamkorlik amalga oshirilmoqda. Ushbu masalalardan biri Afg‘oniston muammosidir. Ikki davlat bu masalada to‘g‘ridan to‘g‘ri va muntazam aloqaga ega bo‘lib, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatish bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvlar olib borishmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish bo‘yicha tashabbuslari Eron tomonidan olqishlanmoqda.

Ma’lumot uchun, Eron Islom Respublikasi 1991 yil 25 dekabrida O‘zbekiston mustaqilligini rasman tan olgan, ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1992 yil 10 mayda o‘rnatilgan. 1992 yil noyabr oyida Toshkentda Eron elchixonasi ochilgan bo‘lsa, 1995 yil may oyida Tehronda O‘zbekiston elchixonasi ochilgan.

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, siyosiy, iqtisodiy madaniy sohalarda imzolangan 55 ta hujjat – hozirgi kundagi O‘zbekiston va Eron munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy asosini tashkil qiladi.

2021 yil yakunlari bo‘yicha, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 431 million dollarga yetdi. Undan O‘zbekiston eksporti 177 million dollar, import esa 254 million dollarni tashkil qilmoqda.

2021 yilda xalqaro tashkilotlarning tadbirlari doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron prezidenti Ibrohim Raisiy o‘rtasida ikki uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Dastlab davlat rahbarlari sentabr oyida Tojikiston poytaxtida tashkil qilingan ShHT sammitida uchrashdi.

Dushanbedagi uchrashuvda O‘zbekiston va Eron bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, xususan, transport sohasida – Chobahor portiga chiqish uchun shimol-janub yo‘lagini faollashtirish masalasi ko‘tarilgan.

Shavkat Mirziyoyev va Ibrohim Raisiy. 2021 yil noyabr, Ashxobod – Turkmaniston / Foto: Prezident matbuot xizmati

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida 2021 yil dekabr oyida Ashxobodda bo‘lib o‘tgan ikkinchi uchrashuvda tomonlar asosan Afg‘onistondagi vaziyatning mintaqa davlatlariga ta’siri borasida suhbatlashgan.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Top