11:24 / 11.02.2022
2403

OIIB O‘zbekistonda investitsiya portfelini kengaytirishni rejalashtirmoqda

Joriy yilning 10 fevral kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov videokonferensiya tarzida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Tszin Litsyun bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Investitsiyalar  va tashqi savdo vazirligi

OIIB bilan O‘zbekistonning hamkorligi 2016 yilda boshlanganiga qaramasdan, u qisqa vaqt ichida ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy rivojlanishni rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirishda mamlakatning strategik sherigiga aylangani ta’kidlandi

Hozirgi kunda hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar portfelida 932,7 million dollarlik 9 loyiha mavjud bo‘lib, ular infratuzilmani modernizatsiya qilish, kichik va o‘rta biznes va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash va qishloq joylarda aholining turmush sharoitini yaxshilash kabi sohalarni qamrab olgan.

OIIB rahbariyati amalga oshirish bosqichida bo‘lgan loyihalarni ilgari surish bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirishga va joriy yilda tasdiqlanishi kutilayotgan yangi loyihalarni ko‘rib chiqish jarayonlarini tezlashtirishga tayyorligini bildirdi.

Foto: Investitsiyalar  va tashqi savdo vazirligi

Shuningdek, tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar to‘g‘risida fikr almashdi. Energetika, avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish, temir yo‘llarni elektrlashtirish, suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish, shuningdek, shahar infratuzilmasini har tomonlama rivojlantirish vazifalari istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

2023-2025 yillarga mo‘ljallangan sheriklik dasturini shakllantirish bo‘yicha birgalikda ishlashga kelishib olindi, unda O‘zbekiston va OIIB o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, aniq loyihalar va ularni amalga oshirish muddatlari ko‘rsatiladi.

Foto: Investitsiyalar  va tashqi savdo vazirligi

OIIB rahbariyati ishtirokida keng ko‘lamli xalqaro tadbirlar, jumladan, joriy yil mart oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi va 2024 yilda Samarqand shahrida OIIB boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga to‘xtalib o‘tildi. 

Bank rahbariyati ushbu tadbirlarni tashkil etish va ilgari surishda yaqin hamkorlik qilishga sodiqligini bildirdi, deyiladi xabarda.

Top