07:29 / 11.02.2022
5842

Yuqori Chirchiq tumanlararo sudi sudyasi lavozimidan ozod etildi

Sudyalar oliy kengashi qarori bilan sudyalik qasamyodini buzgani uchun Toshkent viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Yuqori Chirchiq tumanlararo sudi sudyasi Oybek Toshpo‘latov lavozimidan ozod etildi.

Foto: Getty Images

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Oybek Toshpo‘latovning vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi.

Shuningdek, mas’uliyatsizligi va faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun:

  • Oliy sud sudyasi V.Sattorova;
  • Andijon viloyat ma’muriy sudining raisi M.Salimov;
  • Andijon viloyat sudining raisi T.Meliboyev;
  • fuqarolik ishlari bo‘yicha Yuqori Chirchiq tumanlararo sudining raisi S.Rahmatullayev;
  • fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining sudyasi B.Qutliyev intizomiy javobgarlikka tortildi.

Avvalroq, Yuqori Chirchiq tumanlararo sudi sudyasi sherigi bilan birga 3 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgani xabar berilgandi.

Sudyalar oliy kengashining 2022 yil 7 fevral kungi yig‘ilishida bosh prokurorning Toshkent viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudi sudyasi T.O.ni Jinoyat kodeksining 210-modda 2-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortishga oid taqdimnomasi muhokama qilingan.

Yakunda kengash xulosasi bilan T.O.ni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berilgan.

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, kengashda masalasi ko‘rilgan sudya Yuqori Chirchiq tumanlararo sudida ishlab kelgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur sudya yer bilan bog‘liq nizoni ijobiy hal qilish evaziga jinoiy sherigi bilan birga 3 ming AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo‘lga olingan.

Top