16:38 / 12.02.2022
32601

Muborak tuman IIB boshlig‘i qo‘lga olingani tasdiqlandi. U pora olayotganda qo‘lga tushgan tuman hokimi o‘rinbosariga sheriklikda gumonlanmoqda

Qashqadaryo viloyat prokuraturasi Muborak tumani IIB boshlig‘i protsessual tartibda ushlanganini tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, u jinoyat ustida qo‘lga olingan tuman hokimi o‘rinbosari bilan pora olish uchun til biriktirganlikda gumon qilinmoqda.

Foto: KUN.UZ

Viloyat prokuraturasining qayd etishicha, yer ajratib berish evaziga tadbirkordan 80 ming dollar pora talab qilib, shundan 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosari U.Yaxshiyevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki tergovda U.Yaxshiyev pora olish jinoyatini Muborak tumani IIB boshlig‘i Xo‘janazar Bahriyev bilan oldindan jinoiy til biriktirgan holda sodir etganligi aniqlangan.

“Dastlabki tergov organi tomonidan Muborak tuman IIB boshlig‘i X.Baxriyevning sodir etilgan jinoyatga bevosita daxldorligini isbotlovchi yetarli dalillar to‘planganligi sababli, Baxriyev 2022 yil 11 fevral kuni jinoyat ishida gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, shu kuni JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Bundan tashqari, viloyat prokurorining farmoyishiga muvofiq prokuratura va ichki ishlar idoralarining jinoyatchilikning oldini olish va ularning yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan faoliyatini barcha tuman-shaharlarda o‘rganib, ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan.

Ishchi guruh tomonidan 2022 yilning 7-10 fevral kunlari Muborak tuman prokuraturasi va ichki ishlar bo‘limining bu boradagi faoliyati hujjatlarni tahlil qilish orqali o‘rganilgan.

O‘rganishlar davomida, tuman IIBning tergovga qadar tekshirish, dastlabki tergov va jinoyatlarni fosh etish bo‘yicha faoliyatida bir qator kamchiliklar, xususan, o‘g‘irlik, bezorilik, talonchilik va firibgarlik kabi jinoyatlarni hisobdan yashirish holatlari aniqlangan”, deyiladi viloyat prokuraturasining Telegram-kanalida e’lon qilingan rasmiy munosabatda.

Bayonotda jinoyatlarni hisobdan yashirish holatiga aniqlik kiritish maqsadida jinoyatdan jabrlangan fuqarolardan, shuningdek, tergovga qadar tekshirish harakatlarini o‘tkazgan IIB xodimlaridan tushuntirishlar olingan. Viloyat prokuraturasi tomonidan hisobdan yashirilgan 3 ta o‘g‘rilik, 3 ta bezorilik, 1 ta talonchilik va 1 ta firibgarlik jinoyatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani ochiqlangan.

Viloyat prokuraturasining rasmiy munosabatida jinoyatlarni yashirishga bevosita daxldorligi aniqlangan shaxslar esa jinoiy javobgarlikdan qutulish maqsadida ommaviy axborot vositalarida yolg‘on ma’lumotlar tarqatish orqali aholini chalg‘itishga harakat qilayotgani ta’kidlanadi. Bildirilishicha, viloyat prokurori hamda viloyat IIB boshlig‘i rahbarligidagi ishchi guruh vaziyatni joyiga chiqqan holda o‘rganib, holat yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

Avvalroq Kun.uz Muborak tuman IIB boshlig‘i tergovga tortilgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgani, u protsessual tartibda ushlangan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergandi.

Top