09:00 / 12.02.2022
7115

Toshkent davlat stomatologiya instituti ishchi guruhi Jizzax viloyatining olis hududlarida tibbiyot sohasidagi muammo va takliflarni o‘rgandi va tibbiy ko‘riklar tashkil qildi

Toshkent davlat stomatologiya instituti professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan olis hududlarda tibbiyot tizimidagi muammolarni o‘rganish, shuningdek, aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida Mirzacho‘l tumanida bo‘ldilar.

Foto: Toshkent davlat stomatologiya instituti axborot xizmati

Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori N.Haydarov boshchiligidagi ishchi guruh Jizzax viloyatida tuman tibbiyot birlashmalari mas’ul xodimlari hamda shifokorlar bilan davra suhbati o‘tkazdi. Joylarda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada takomillashtirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Savol va takliflarning asosiy qismi sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘iniga taalluqli bo‘lib, tuman tibbiyot birlashmasi xodimlarini hozirda qiynayotgan masalalarga ko‘proq e’tibor qaratildi.

“Ushbu tadbirlardan ko‘zlangan maqsad, davlat rahbarining tibbiyot sohasi vakillari bilan uchrashuvdagi topshiriqlari va ko‘rsatmalarini joylarda amalga oshirish va aholi salomatligini yaxshilashdan iboratdir. Tadbir davomida Mirzacho‘l tumanidagi tibbiyot muassasalari xodimlaridan ko‘plab amaliy takliflar oldik”, — deydi Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Nodir Haydarov.

Foto: Toshkent davlat stomatologiya instituti axborot xizmati

Ishchi guruh tomonidan joylardagi muammolar bevosita o‘rganilib, tibbiy xizmatni yanada takomillashtirish, xususan aholi orasida keng tarqalgan kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va asoratlarining oldini olish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Shu bilan bir qatorda, Mirzacho‘l tumanida istiqomat qiluvchi bemor va keksalar uchun institutning malakali stomatolog, urolog, jarroh va nevropatologlaridan iborat shifokorlar jamoasi tomonidan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi va kerakli tavsiyalar berildi.

Mutaxassislarning tavsiyalarini sifatli hamda tezkor tashkil qilish maqsadida hududlarning o‘zida laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazildi. Tibbiy ko‘riklar davom etmoqda.

Toshkent davlat stomatologiya instituti axborot xizmati Ⓣ

Top