07:38 / 14.02.2022
7718

Komil Allamjonov: «Yo‘llarda o‘zgarish qilish uchun 3 ta asosiy masalaning yechimini topish kerak»

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov yo‘llarda o‘zgarish qilish uchun 3 ta asosiy masalaning yechimini topish kerak deya, taklif berdi.

«Bugun yo‘llarda ahvol juda yomon. Fojiali darajada yomon. Uning yechimi faqat o‘quv tashkilotlari, guvohnomani qanday olish bilan bog‘liq emas. Lekin ko‘chadagi ahvolni yaxshilash bo‘yicha 3 ta eng asosiy masala bor. Shu 3 ta masalaning yechimi topilgandan keyingina yo‘llarda tartib paydo bo‘ladi», deydi Komil Allamjonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi masala infratuzilma (yo‘llarning ravonligi, jamoat transporti tizimini yaxshilash, piyodalar va haydovchilar uchun yetarli sharoit, yo‘l belgilari, tizimning raqamlashtirilgani va h.k.)ga taalluqli.

Ikkinchi masala - ma’murchilik (yo‘l qoidalari to‘g‘riligi, jazoning barcha uchun muqarrarligi, ashaddiy qoidabuzarlarga javobgarlikni kuchaytirish va h.k.).

Uchinchi o‘rinda - o‘qitish va imtihon masalasi (avtomaktablarda o‘qitish sifatini oshirish, o‘qimaganlarga haydovchilik guvohnomasini bermaslik).

«Bugun respublikada 1000 dan ortiq avtomaktablar faoliyat yuritmoqda. Ularning har birida, qoida bo‘yicha, o‘z avtodromi, o‘z avtoparki bo‘lishi kerak. O‘quv dasturi va amaliyot vaqtini to‘liq o‘tish lozim. Ana shunda bu yerdan sifatli haydovchilar yetishib chiqadi, hozir esa unday emas.

Yuqoridagi uchta masala hal bo‘lmas ekan, yo‘llarimizda ahvol yaxshi bo‘lmaydi. Faqat imtihonning sifatini oshirib, ammo ma’murchilik kuchli bo‘lmasa, infratuzilma talabga javob bermasa, avariya holatlari baribir bo‘laveradi. Bizning bosh maqsadimiz - o‘lim holatini nolga tenglashtirishga erishish», deydi Komil Allamjonov.

Avvalroq, Komil Allamjonov yo‘llarda tartib bo‘lishi uchun 3 ta asosiy masalaga e’tibor qaratish kerakligini aytgandi.

Unga ko‘ra, yo‘l infratuzilmasini butunlay takomillashtirish, yo‘llardagi nazorat tizimini to‘liq raqamlashtirish va o‘qitish, imtihon tizimlarini tubdan isloh qilish kerak.

Bildirilishicha, ushbu masala bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish uchun nodavlat tashkilotini tuzish va unga faollar, soha mutaxassislarini jalb etish mo‘ljallanmoqda.

Top