12:58 / 14.02.2022
12279

Navoiyda xo‘rozbozlar qo‘lga olindi

Xatirchi tumanida xo‘roz urishtiriladigan yashirin “arena” aniqlandi. Bu yerda xo‘rozlar jangi ishqibozlari yig‘ilib, qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yin tashkil etilgan.

Foto: Videodan kadr

Navoiy viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, Xatirchi tumanining Damariq mahallasida yashovchi 35 yoshli A.I. o‘z xonadonida xo‘roz jangi maydonini tashkil etgan. Mazkur “maxsus arena”da 100 nafardan ortiq xo‘roz jangi ishqibozlari to‘plangan hamda 10 ming so‘mdan qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yin tashkil qilingan.

Viloyat IIB JQB uyushgan jinoyatchilik va qurol bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 17 nafar fuqaro o‘zlarining jangari xo‘rozlari bilan ishtirok etayotgan paytda qo‘lga olingan. Ayni paytda o‘yinda ishtirok etgan fuqarolar shaxsiga aniqlik kiritilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Oldinroq Urgut shahrida ham shu kabi xo‘roz urishtiriladigan yashirin “arena” fosh etilgandi.

Mavzuga oid
Top