10:31 / 14.02.2022
4148
O‘zbekiston va Qozog‘iston yo‘lovchi tashishni qayta tiklash masalasini muhokama qilmoqda

Joriy yilning 10 fevral kuni transport masalalari bo‘yicha O‘zbekiston – Qozog‘iston ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.

Foto: Transport vazirligi

O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari A.Mo‘minov hamda Qozog‘iston industriya va infratuzilmalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari B.Kamaliyev rahbarligida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari hamda yuk tashish sharoitlarini yaxshilash bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

Uchrashuvda tomonlar epidemiologik talablarni yengillashtirish va quruqlik transportida yo‘lovchi tashishni qayta tiklash jarayonlarini tezlashtirish muhimligini tasdiqladi.

Ishchi guruh tomonidan avtomobil va temiryo‘l transporti sohasida Turkiston – Chimkent – Toshkent tezyurar temiryo‘li hamda “Uchquduq – Qizilo‘rda” transport yo‘lagi infratuzilma loyihalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston havo hududlari bo‘ylab havo harakatiga xizmat ko‘rsatishda yangi marshrutlar (havo trassalari) joriy etish masalasi muhokama qilindi.

Ushbu yangi marshrutlarni joriy qilish orqali havo kemalarining parvoz vaqti sezilarli darajada qisqartiriladi. Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlar bo‘yicha tegishli bayonnoma imzolandi.

Mavzuga oid
Top