21:47 / 15.02.2022
7707

Samarqandda qisqa vaqt ichida haydovchilik guvohnomalarini olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Ikkita holatda fuqarolarga turli toifalardagi haydovchilik guvohnomalarini qisqa muddatda olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingan.

Foto: IIB axborot xizmati

Samarqand viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 14 fevral kuni fuqaro A. o‘zining haydovchilik guvohnomasini “V”, “S” toifalaridan “Ve”, “Se” toifalariga o‘tkazmoqchi bo‘lib viloyat IIB YHXBga borgan. Shunda IIBga aloqasi bo‘lmagan Sh. shu yerda ishlovchi tanishlari orqali, 900 ming so‘m evaziga yangi “Ve”, “Se” toifali haydovchilik guvohnomasi olib berishini aytgan. Fuqaro bu to‘g‘rida ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilgan.

Arizaga asosan, IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Toyloq tumani Davlatobod qishlog‘ida yashovchi X.Sh. ariza muallifidan 900 ming so‘m pullarni olayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlanib, rasmiylashtirilgan.

Hozirda X.Sh.ga nisbatan Toyloq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Samarqand viloyati IIBga, Payariq tumanida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilgan. U arizasida Ishtixon tumanida yashovchi R. o‘zining xususiy avtomaktabi borligini, 20 kun muddatda “V” va “S” toifali haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan imtihondan o‘tkazib olib berishi uchun 1000 dollar so‘rab, oldindan 500 dollar talab qilayotganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Foto: IIB axborot xizmati

Arizaga asosan, 2022 yil 8 fevral kuni viloyat IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Oqdaryo tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida R.A. ismli shaxs ariza muallifidan 500 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Oqdaryo tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Bundan oldin, Sirdaryoda fuqaroga 15 kun muddatda “prava” olib berishni va’da qilgan shaxslar ushlangandi.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev avtomaktablar bo‘yicha bosh prokuror va vazirlarga topshiriqlar bergandi.

2022 yil 26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident yo‘l harakati qoidalari buzilishi va avariya holatlari keskin oshayotganiga e’tibor qaratdi. Prezident haydovchilik guvohnomasi olishda poraxo‘rlik odatiy holga aylanganini tanqid qilgandi.

Top