07:41 / 16.02.2022
8008
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari qanday xususiylashtirilishi aniqlashtirildi
Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunni amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat yuqorida ko‘rsatilgan qonun hamda prezidentning “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi. 

U bilan quyidagilar belgilandi:

  • O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslari tomonidan ularga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish “Yerxususiylasntirisn” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (“Yerxususiylasntirisn” AAT) orqali amalga oshiriladi;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun mulk yoki ijara huquqlari asosida, yakka tartibda uy-joy qurish uchun mulk huquqi asosida realizatsiya qilish “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi;
  • “Yerxususiylashtirish” AATni texnik qo‘llab-quvvatlash, xususiylashtirilgan yer uchastkasiga mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shuningdek, yagona billing hisob-kitob tizimi xizmatlari uchun to‘lovlar yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • “Yerxususiylashtirish” AAT va “Yerelektron” AATga ulanadigan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar ro‘yxati.
Top