11:30 / 16.02.2022
6097

«Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida «Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qonun loyihasi tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi huquqiy bazani qonunchilik darajasida mustahkamlaydi, mehnat migrantlari huquqlariga oid xalqaro hujjatlar normalari milliy qonunchilikka tatbiq etiladi.

Shuningdek, yagona qonunda fuqarolarning O‘zbekistondan tashqarida mehnat faoliyatini tashkil etish va xorijiy fuqarolarni mamlakatda mehnat faoliyatini amalga oshirishga jalb etish tartibi tizimlashtirilgan.

Qonun loyihasi tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi. Loyihaga ko‘ra, qonun normalariga muvofiq ishga joylashtirilgan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekistondan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qaytgan fuqarolarni reintegratsiya qilish tartibi tizimlashtiriladi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, mehnat migrantlarining hisobini yuritish va bu borada monitoring olib borishga xizmat qiladi.

Top