16:26 / 17.02.2022
7603
Toshkent va Xorazmda «prava»ni imtihonsiz olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Toshkent shahri va Xorazm viloyatida qisqa muddatlarda haydovchilik guvohnomasini olib bermoqchi bo‘lgan firibgarlar ushlandi.

Foto: Prokuratura departamenti

Ular fuqarolar ishonchiga kirib, qisqa muddatda o‘qishga bormasdan, imtihonsiz haydovchilik guvohnomasini olib berishga ishontirib, pul talab qilishgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida fuqaro R.M. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, fuqaro N.ga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali qisqa muddatda o‘qishga bormasdan haydovchilik guvohnomasini 900 AQSh dollari evaziga imtihonsiz olib berishga ishontirib, shundan 800 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Xuddi shunday, Xorazm viloyatida fuqaro J.A. fuqaro K.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari orqali viloyat YHXBda haydovchilik guvohnomasini olish uchun bo‘lib o‘tadigan imtihondan o‘tkazib berishi evaziga 300 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.  

Top