14:02 / 18.02.2022
5782
“Havo ifloslanishi darajasi bo‘yicha O‘zbekiston 106ta mamlakat orasida 18-o‘rinda” - Tanzila Norboyeva

IQAir tashkilotining 2020 yil tahliliga ko‘ra, Toshkent havosining mayda dispers zarrachalari bilan ifloslanish darajasi 29,9 mikrogrammni tashkil etgan. Bu haqda O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha parlament komissiyasining 18 fevral kungi majlisida aytib o‘tildi.

Foto: KUN.UZ

“Transport vositalaridan tarqaladigan chiqindi gazlarning atrof-muhitga, inson salomatligiga salbiy ta’sirini aytib o‘tirish shart emas. Birgina misol keltiraman. Shaharlardagi havoning ifloslanish darajasi me’yori Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 10 mikrogramm etib belgilangan.

Biroq mamlakatlardagi havoning sifatini o‘rganuvchi IQAir tashkilotining 2020 yil tahliliga ko‘ra, Toshkent havosining mayda dispers zarrachalari bilan ifloslanishi darajasi 29,9 mikrogrammni tashkil etib, O‘zbekiston 106ta mamlakat orasida 18-o‘rinni egallagan. 1-o‘rindagi Hindistonning Dehli shahri havoning ifloslanish darajasi 84,1 mikrogrammdan iborat”, deya Senat raisi Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senat raisi havo ifloslanishini kamaytirish uchun jamoat transporti harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar, jumladan elektrobuslar bilan yangilash, velosiped va boshqa motorsiz transport turlarini rivojlantirish bugungi kun talabi ekanini eslatib o‘tdi.

“Co‘nggi yillarda jamoat transporti harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar, jumladan elektrobuslar bilan yangilash ishlari olib borilmoqda. Yaqinda 20ta elektrobus keltirilib, foydalanishga topshirildi. Lekin bu hali yetarli emas. Bu ishlarni davom ettirib, bunday turdagi transport vositalarini kengaytirish zarur.

Mamlakatimizda velosiped va boshqa motorsiz transport turlarini rivojlantirish, jumladan, piyodalar va velotransport uchun qulay harakatlanish yo‘laklarini barpo etish choralarini ko‘rishimiz lozim. Afsuski, bu ishlarimiz talab darajasida deb aytib bo‘lmaydi. Masalan, velosiped transporti harakati uchun 2018–2021 yillar davomida birgina Toshkent shahrining 12ta ko‘chasida 77 km uzunlikdagi velosiped yo‘laklari barpo etilgan, xolos.

Piyodalar harakatlanish uchastkalarida velosiped uchun yo‘laklar ajratish bo‘yicha davlat standarti joriy etilmagani sababli ayrim hududlarda barpo etilayotgan velosiped yo‘laklari talablarga mutlaqo javob bermaslik holatlarini ko‘ryapmiz. Masalan, Toshkent shahrining Farg‘ona yo‘li ko‘chasida barpo etilgan veloyo‘lak ustida bekat qurilgan bo‘lsa, Andijon viloyatidagi veloyo‘lakda ustun va daraxtlarni kuzatish mumkin”, – deydi Tanzila Norboyeva.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 4 noyabr kuni O‘zbekistonning ayrim hududlarida, xususan Toshkent shahrida g‘ayrioddiy chang bo‘roni kuzatilgan, buning oqibatida O‘zbekiston havo ifloslanishi reytingida Hindiston va Xitoyni ortda qoldirib birinchi o‘ringa chiqqandi. Kuchli o‘ntalikdan qo‘shnilarimiz Qirg‘iziston (4-o‘rin) va Tojikiston (9-o‘rin) ham o‘rin olgandi. “O‘zgidromet”ning xabar berishicha, o‘sha kunlari havo ifloslanishi miqdori 111,2 mikrogrammni tashkil etgan.

19 yanvar kuni prezidentga taqdim etilgan Toshkent jamoat transporti konsepsiyasi loyihasida 2022 yilda avtobus parkining 35 foizi yangilanishi, buning uchun 410ta avtobus va ekologik toza elektrobus xarid qilinib, katta sig‘imli avtobuslar soni 2 barobar oshirilishi ko‘zda tutilgan. “Toshshahartransxizmat” tizimidagi korxonalar harakat tarkibi 300 dona katta sig‘imli shahar elektrobuslari bilan yangilanishi belgilangan.

Top