14:30 / 18.02.2022
1528

Qoraqalpog‘istonda hokimiyat vakili karantin qoidalarini buzib, 4 nafar bolakayga koronavirus yuqtirdi

Taxiatosh tumani hokimligi mutaxassisi karantin qoidalarini buzgan. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi xabar berdi.

Foto: KUN.UZ

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 9 fevral kuni Taxiatosh tumani hokimligi mutaxassisi U.F. koronavirus infeksiyasi bilan kasallangani sababli uy karantinida bo‘lishi shart bo‘lgan. Ammo hokimlik vakili bunga qaramay jamoat joyi hisoblangan Taxiatosh tumani “Bolalar uyi”ga o‘z xizmat vazifasi yuzasidan borgan. Aniqlanishicha, buning oqibatida “Bolalar uyi” tarbiyalanuvchilaridan 4 nafar bolakay kasallangan.

Holat yuzasidan Taxiatosh tumani hokimligi mutaxassisi bo‘laturib karantin qoidalarini qo‘pol tarzda buzgani uchun U.F. ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Unga eng kam ish haqining 20 barobari miqdorida jarima jazosi qo‘llangan.

Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan “Bolalar uyi”ning 4 nafar tarbiyalanuvchisi va hokimlik vakilining salomatligi haqida hozircha qo‘shimcha ma’lumot berilmadi.

Bundan oldin Qoraqalpog‘istonda yangi tug‘ilgan chaqaloq ko‘chaga tashlab ketilgandi.

Top