12:30 / 18.02.2022
9395

Samarqandda 4,8 gektar yerni 45 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan fermer ushlandi

Foto: iStock

Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida Oqdaryo tumanida noqonuniy yer savdosiga chek qo‘yishga qaratilgan tadbir o‘tkazilgan.

Mazkur tumanda yashovchi “Oqdaryo Mashrabbek” fermer xo‘jaligi rahbari 1955 yilda tug‘ilgan M.A xo‘jalik hisobidagi 4,8 gektar yerni 45 ming AQSh dollari evaziga mahalliy xaridorga sotishni va keyinchalik hokimiyat idoralaridagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni rejalashtirgani ma’lum bo‘lgan.

Joriy yil 16 fevral kuni o‘tkazilgan tadbirda, fermer xo‘jaligi rahbari mahalliy fuqarodan talab qilingan puldan 25 ming dollarni olayotganda jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, hozirda fuqaro M.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilmoqda.

Avvalroq o‘ziga tegishli yerni 38 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan sirdaryolik fermer ushlangandi.

Mavzuga oid
Top