21:12 / 21.02.2022
25243
“O‘rgimchak to‘ri” ichidagi taqdir. Hamma ko‘rib turgan haqiqatni sud ko‘rmaganmi?

Bosh prokuratura va IIV Tergov departamenti fuqaroni aybsiz deb hisoblamoqda. Qo‘shimcha tergov harakatlaridan keyingi xulosaga ko‘ra, 6 yildan ortiq muddatga qamalgan mahkum oqlanishi kerak. Ammo nimagadir Toshkent shahar sudi buni inkor etgan.

Fotokollaj: Kun.uz

Kun.uz birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov ta’sischiligidagi O‘zbekistonda mavjud kompaniyalar atrofida sodir bo‘layotgan hodisalar, tergov va sud jarayonlaridagi qarama-qarshiliklar haqida yozgan edi.

Shuningdek, bu kompaniyalarga aloqador ishlarda ayblangan tadbirkor Dmitriy Savelevning ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingani Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilib, mahkumga nisbatan tergov va sud ishlari noxolis olib borilgani bo‘yicha Oliy sudga protest kiritilgani aytilgandi.

Sharipov va uning Rossiya fuqarosi bo‘lgan sheriklariga oid tergovning davomi bizni yana ushbu mavzuga qaytishga undadi.

Voqealar tarixiga qisqa nazar

Jizzaxlik Odinaxon G‘ofurjonova o‘zi muassislik qilgan MChJdagi ulushlar Rossiya fuqarosi bo‘lgan qarindoshlari tomonidan hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan tortib olingani, keyinchalik bu kompaniyadagi ulushlar o‘zga shaxslar nomiga o‘tkazib yuborilgani, holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi olib borayotgan tergov harakatlari esa asossiz ravishda harakatdan tugatilganini aytgandi.

Kun.uz maqolasidan keyin tergov ishi IIV Tergov departamentiga o‘tkazilib, alohida nazoratga olingandi.

Mazkur ish doirasida Odinaxon G‘ofurjonovaning shikoyatlari asosli bo‘lib chiqqani, uning shirkatidagi ulushlar Rossiya fuqarolari tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib olingani tergovda o‘z tasdig‘ini topgani haqida maqola so‘ngida to‘xtalamiz.

Shuningdek, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Odinaxon G‘ofurjonovaning hamkori bo‘lgan Dmitriy Savelev 10 mlrd 702 mln so‘m miqdordagi mulkni o‘zlashtirib yuborganlikda ayblanadi va unga nisbatan Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan ayblov xulosasi tuziladi.

Savelevning ishi JIB Yakkasaroy tuman sudida ko‘rib chiqiladi va 2021 yil 5 fevraldagi hukmga ko‘ra, 6 yil-u 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. Apellyatsiya shikoyati foyda bermaydi.

Hukmdan norozi Savelev va uning advokatlari tomonidan qayta va qayta shikoyat yozilavergach, ish Bosh prokuratura nazoratiga olinadi va tegishli boshqarma xodimlari tomonidan nazorat tartibida o‘rganiladi. Yakunda Savelev ishida tergov organi va sud tomonidan qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlanadi.

Jumladan, nazorat tartibida o‘rganish natijasida Savelevga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar tegishli hujjatlar bilan to‘la asoslantirilmagan, kompaniya moliyaviy faoliyati ustidan o‘tkazilgan soliq tekshiruvlarida jiddiy xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan, degan xulosaga kelinadi.

Soliq tekshiruvlarida Savelevning elektron imzosi bilan o‘zlashtirilgan deb xulosa qilingan, qiymati bir necha milliard so‘mlik bir nechta hisob-fakturalar aslida kompaniyaning amaldagi direktori tomonidan Savelev bu lavozimdan ozod etilganidan keyin imzolanganiga e’tibor qaratilmagan.

Sudlanuvchi Savelev o‘z so‘roqlarida u direktor bo‘lib ishlagan vaqtda “Grand Ravon Oil” MChJning respublika bo‘ylab turli manzillarda ijaraga olingan 4 ta omborxonasi bo‘lganini aytgan. Ammo noma’lum sabablarga ko‘ra, tergov va sudlarda o‘zlashtirilgani aytilgan mahsulotlar aynan qachon va qaysi omborlardan olib chiqib ketilganiga oydinlik kiritmagan. Bu holatda soliq tekshiruvchilari ma’lumotlarni aynan Savelevning javobgarlikka tortilishidan manfaatdor bo‘lgan “Grand Ravon Oil” vakillaridan olgani ishning xolis ko‘rilishiga Bosh prokuraturada shubha uyg‘otgan.

Bundan tashqari, Savelev “Grand Ravon Oil” direktorligidan ozod etilganidan so‘ng, 2020 yil 1 iyun kuni 2,7 mlrd so‘mlik tovar moddiy boyliklari firmaning yangi rahbari imzosi bilan boshqa firma hisobiga chiqarilgani fakti ham soliq tekshiruvlarining to‘g‘ri xulosa qilganiga shubha uyg‘otgan.

Tergov va har ikkala sud instansiyasi Savelevni ayblash uchun “Grand Ravon Oil” MChJda o‘tkazilgan soliq tekshiruvida 10,7 mlrd so‘mlik tovar-moddiy boyliklari kamomadi aniqlangani haqidagi xulosasini inobatga olgan. Ammo jinoyat ishi doirasida so‘roq qilingan ­­­– shu kompaniyaning omborlari uchun moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlagan 5 nafar xodimning ko‘rsatmalarida tovar-moddiy boyliklarni Savelev o‘zining shaxsiy maqsadlari yo‘lida o‘zlashtirib yuborganini isbotlovchi konkret faktlar keltirilmagan.

Bundan tashqari, dastlabki tergov va sudda tovar-moddiy boyliklari Savelev tomonidan qanday yo‘l bilan o‘zlashtirilgani, ya’ni qanday transport vositasida, qaysi ombordan qachon olib ketilgani va kimga berib yuborilgani kabi holatlarga aniqlik kiritilmagan.

Shu kabi holatlarni inobatga olib, Bosh prokuratura sud ajrimini bekor qilish hamda ishni yangidan ko‘rish kerak deb hisoblab, 2021 yil 24 iyun kuni Oliy sudning JIB sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasiga protest kiritadi. Tafsilotlarning jamoatchilik uchun ma’lum bo‘lgan qismi shu yerga kelib to‘xtagandi.

Protestdan keyin nima o‘zgardi?

Protest asosida ish Oliy sudda ko‘riladi. Oliy sud Bosh prokuratura protestida keltirilgan asoslarni inobatga olib, 2021 yil 23 avgustdagi ajrimi bilan apellyatsiya hay’atining 2021 yil 6 maydagi ajrimini bekor qiladi. Shundan so‘ng ish Toshkent shahar sudida apellyatsiya tartibida qayta ko‘rishga yuboriladi.

Ammo apellyatsiya instansiyasi shu yil 10 fevraldagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan. Mahkumning yaqinlari sud ajrimidan norozi bo‘lib takroran tahririyatga murojaat yo‘llashdi.

Kun.uz'ga taqdim etilgan hujjatlardan ko‘rinishicha, voqealarning tergov organidagi rivoji mutlaqo boshqa, aniqrog‘i bo‘lib o‘tgan ishlarda Savelevning aybi yo‘q ekanini ko‘rsatuvchi tomonga qarab rivojlangan. Sud esa bularni ko‘rib turib, ko‘rmaslikka olgan bo‘lishi mumkin.

Jumladan, Tergov departamenti D.A.Savelevni ayblash haqidagi jinoyat ishi hujjatlarini Toshkent shahar sudidan so‘rab olib, qo‘shimcha tergov harakatlarini o‘tkazgan. Unda Savelevni “mol-mulklarini o‘zlashtirgan” deb ayblashga asos bo‘layotgan firma aslida Savelevdan jinoiy guruh tomonidan firibgarlik yo‘li bilan tortib olingani aniqlangan.

Xususan, jinoiy guruh D.A.Savelevning ishonchiga kirgan holda, “Grand Ravon Oil” MChJning 524,2 mln so‘m miqdoridagi 100 foizli ulushini jinoiy guruh a’zosiga sotish masalasi ko‘rib chiqilgani yuzasidan o‘tkazilgan 1-sonli soxta bayonnomani va D.A.Savelev tomonidan 524,2 mln so‘m pul mablag‘lari olingani hamda jamiyatni sotgani, kelgusida da’vo qilmaslik haqida arizani tuzib, mazkur hujjatlarni D.A.Savelevni aldagan holda unga imzolatib, shu asosida ulush oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga erishgan. Biroq sotilgan ulush uchun D.A.Savelevga hech qanday pul yoki moddiy qiymatliklar berilmagan.

Shuningdek, tergovda aniqlanishicha, 2019 yil 24 oktyabrda “Grand Ravon Oil” MChJ bilan “Factor Auto Oil” MChJ o‘rtasida tuzilgan 2 mlrd so‘mlik 16-sonli oldi-sotdi shartnomasiga binoan, aslida 2 mlrd 242 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklar xarid qilingan bo‘lsa-da, jinoiy guruh go‘yoki “Grand Ravon Oil” MChJ tomonidan jami 9 mlrd 877 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklar qabul qilib olingani haqida jami 9 dona hisob-varaq fakturalarni soxtalashtirgan, ushbu ma’lumotlarni buxgalteriya hisobotlarida noto‘g‘ri aks ettirib, sun’iy ravishda jamiyatning boshqa bir firma oldida qarzdorligini yuzaga keltirgan.

2021 yil 6 noyabrda o‘tkazilgan 1225-sonli sud-xatshunoslik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, mazkur hisob-varaq fakturalardagi D.A.Savelev satridagi imzolar aslida u  tomonidan emas, balki boshqa shaxslar tomonidan o‘xshatib bajarilganligi aniqlangan.

2021 yil 7 oktyabrdagi sudning ajrim ijrosini ta’minlash jarayonida “Grand Ravon Oil” XK ta’sischisi D.A.Savelev, moddiy javobgar shaxslar N.Kurkova, Sh.Boymatov, D.Boymatov, R.Galiveyev va A.Gusevlarning harakatlarida o‘zlashtirish jinoyati alomatlari aniqlanmaganligi, o‘zlashtirilgan tovar-moddiy boyliklar esa soxta hujjatlar asosida keltirib chiqarilgani, ushbu tovarlar Savelev va boshqalarning mol-mulki unga ega chiqishni reja qilgan uyushgan guruh a’zolari tomonidan aldov va o‘zlashtirish yo‘li bilan qo‘lga kiritilgani tergov yo‘li bilan aniqlanib, mazkur holatlar yuzasidan ularga nisbatan ayblov e’lon qilingan.

Ayni paytga qadar tergovi tamomlangan jinoyat ishi bo‘yicha 9 kishi ayblanmoqda, 6 nafariga qamoq, qolgan 3 nafariga garov ehtiyot choralari tanlangan. Ish JIB Olmazor tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda. Ular jami 7 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi firmalar (shu jumladan Savelevga tegishli)ning ustav fondidagi ulushlarni jinoiy yo‘llar bilan o‘zlashtirish va ularning mol-mulklarini talon-toroj qilishda ifodalangan qilmishlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.

Aynan mana shu ishda bugungi hikoyamiz qahramoni Dmitriy Savelev jabrlanuvchi deya e’tirof etilgan.

Jinoiy guruhning yana 20 ga yaqin a’zolariga nisbatan turli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, alohida ish yurituviga ajratib olingani ma’lum.

Tergov organi tomonidan yuqoridagi asoslarning barchasi shahar sudiga taqdim etilganiga qaramay, apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’ati ularga ko‘z yumib, 2022 yil 10 fevraldagi ajrimi bilan birinchi instansiya hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Maqolada tilga olingan voqealar shu qadar chalkash va bir biriga o‘rgimchak to‘ri kabi chirmashib ketganki, barcha tafsilotlarni bir maqolaga sig‘dirishning imkoni yo‘q.

Voqealarning barcha tafsilotlariga qiziqqan kishilar JIB Olmazor tuman sudida ko‘rib chiqilayotgan ochiq sud majlisini kuzatishlari mumkin. Ko‘p narsalarga shu sudda oydinlik kiritilsa ajab emas.

Mavzuni kuzatishda davom etamiz.

Abbos Salaydinov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid
Top