09:47 / 21.02.2022
26049

Qozog‘iston sobiq mudofaa vaziri Murod Bektanov hibsga olindi

Qozog‘iston sobiq mudofaa vaziri Murod Bektanov mamlakatda joriy yilning yanvar oyi boshida yuzaga kelgan tartibsizliklar vaqtida harakatsizlikda gumonlanib hibsga olindi.

Murod Bektanov / Foto: AA

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs Nur-Sultondagi tergov izolyatoriga joylashtirildi. Sobiq vazirga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 452-moddasi (hokimiyatning harakatsizligi) bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshlangan.

Murod Bektanov Qozog‘iston Mudofaa vazirligini 2021 yil avgustidan buyon boshqarib kelayotgan edi. Respublika prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 19 yanvar kuni uni lavozimidan ozod qilgandi.

Yanvar oyi boshida Qozog‘iston g‘arbidagi Janao‘zen shahrida boshlangan namoyishlar iqtisodiy va siyosiy talablar bilan butun mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlariga aylanib ketdi. Namoyishchilar suyultirilgan gaz narxini pasaytirishni talab qildi. 

Tartibsizliklar chog‘ida namoyishchilar ma’muriy binolar, politsiya bo‘limlari va do‘konlarga hujum qildi. Respublikaning bir qator shaharlarida talonchilar paydo bo‘ldi. 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 220 dan ortiq kishi tartibsizliklar qurboni bo‘ldi, jumladan, huquq-tartibot va maxsus idoralar, harbiylarning 19 nafar xodimi halok bo‘ldi.

11 yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti hukumatning yangi tarkibini tasdiqladi.

Top