13:44 / 23.02.2022
18299
«Endi bundan ma’no yo‘q» - Blinken Lavrov bilan uchrashuvni bekor qildi

Blinken Vashington Moskvaga «diplomatiya ko‘rinishini yaratish»ga yo‘l qo‘ymasligi, endilikda Lavrov bilan muzokaralar o‘tkazishdan ma’no yo‘qligi, chunki Rossiya «Ukrainaga bosqin boshlab yuborgani»ni aytdi.

Foto: RF prezidenti matbuot xizmati

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashuv o‘tkazishdan bosh tortdi. Bu haqda u Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida aytib o‘tgan.

Davlat departamenti rahbarining so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik vazir bilan uchrashuv shartlaridan biri Rossiya Ukrainaga bosqindan voz kechishi bo‘lgan.

«Endi, bosqin boshlanganida va Rossiya diplomatiyadan bosh tortganini namoyish etganida, biz ayni vaqtda bunday uchrashuv o‘tkazishdan ma’no ko‘rmayapmiz», degan davlat kotibi.

Blinken Lavrovga o‘z qarori haqida xabar qilgan. Shu bilan birga AQSh agar Rossiya «jiddiy xohish bildirsa» diplomatik aloqalarga tayyor ekanini bildirgan.

  • Rossiya 21 fevral kuni Donetsk hamda Luganskdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarni tan olishi ortidan AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisining o‘rinbosari Jonatan Fayner Rossiyaning bu harakatni Ukrainaga bostirib kirish deb atagandi. AQSh hukumati DXR va LXR bilan savdo qilish, bu hududlarga investitsiya kiritishni taqiqlagan.
  • Blinken va Lavrovning uchrashuvi 24 fevral kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgandi. Ushbu uchrashuvdan keyin AQSh va Rossiya prezidentlari Jo Bayden va Vladimir Putin ishtirokidagi sammit o‘tkazilishi kutilayotgandi.
Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top