16:57 / 23.02.2022
45685

O‘quvchini jazolash mumkin emas, unda o‘qituvchi dars qilmagan o‘quvchiga qanday chora ko‘rishi mumkin?

Dars qilmay keladigan, maktab ichki tartib-qoidalarini buzadigan o‘quvchilarni jazolash mumkin emas, deb ma’lum qilgan Xalq ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i ta’lim-tarbiyasi muammoli bolalar bilan qanday ishlanishi haqida ma’lumot berdi.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati

O‘qituvchi dars tayyorlab kelmaydigan, maktab ichki tartib-qoidasini buzadigan o‘quvchilarni jazolashi mumkin emas. Biroq uning holatini bolaning ota-onasi ishtirokida muhokama qilishi mumkin. Agar o‘quvchi o‘zgarmasa, u maktabning ichki ro‘yxatiga kiritiladi.

Bu haqda bugun, 23 fevral kuni Xalq ta’limi vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida vazirlik ma’naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig‘i Akbar Tagayev ma’lumot berdi. Kun.uz muxbiri vazirlik rasmiysining izohlarini keltirib o‘tadi.

O‘quvchilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri jazo chorasi qo‘llab bo‘lmaydi

Shaxs voyaga yetgunga qadar uning xatti-harakatlari uchun ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchilar javobgar bo‘ladi. O‘quvchilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri jazo chorasini qo‘llash qonunan mumkin emas.

Albatta, agar o‘quvchi darsga tayyorlanib kelmasa, uni muhokama qilish uchun dars vaqti kamlik qiladi, o‘quvchilar soni esa ko‘p. Ana shunday holatda o‘quvchiga nisbatan qanday yo‘l tutish kerakligi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalari”da belgilangan.

Darsga tayyorlanib kelmagan o‘quvchining kundaligiga yozma tarzda ma’lumot berish yoki sinf rahbari orqali ota-onani xabardor qilish kerak. Hozir maktablarda Kundalik.com platformasi ham ishlayapti. Bu platformaga ma’lumot kiritish orqali ham o‘quvchi dars qilib kelmagani haqida ota-onani xabardor qilish mumkin. Bu – birinchi qadam.

Agar bu qadam o‘zini oqlamasa va o‘quvchi darsni o‘zlashtirmay kelishda yana davom etsa, unda o‘qituvchi sinf rahbari orqali bolaning ota-onasini maktabga chaqirtiradi. Maktab direktori, sinf rahbari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, psixolog ishtirokida fan o‘qituvchisi ota-ona bilan o‘quvchining holatini muhokama qiladi.

O‘quvchini ro‘yxatga kiritish mumkin

Agar bu chora ham kutilgan natijani bermasa, unda keyingi bosqichga o‘tiladi. Maktablarda oila-mahalla-ta’lim muassasasi jamoatchilik kengashlari faoliyat yuritadi. Bu jamoatchilik kengashi a’zolari qarori bilan o‘quvchini maktabning ichki profilaktik ro‘yxatiga kiritish mumkin. Bunday ro‘yxatga muntazam ravishda odob-axloq qoidalarini buzib kelayotgan o‘quvchilar maktab rahbari buyrug‘i va jamoatchilik kengashi qarori asosida kiritiladi.

Bu ro‘yxatda o‘quvchi 6 oygacha turishi mumkin, biroq muddat o‘tguncha ham o‘quvchida o‘zgarish bo‘lmasa, maktabning murojaati bilan bola Ichki ishlar bo‘limlarining profilaktik ro‘yxatiga qo‘yiladi.

Har ikkala holatda: o‘quvchi maktab ichki ro‘yxatiga yoki Ichki ishlar bo‘limlarining profilaktik ro‘yxatiga qo‘yilganda ham ota-onadan tilxat olinadi. Maktabning ta’sir chorasi – shu.

Ichki ro‘yxatdagilar bilan qanday ishlanadi?

Yanvar oyi holatiga ko‘ra, 10 mingdan oshiq maktabda 150 mingdan ortiq o‘quvchi maktablarning ichki ro‘yxatida turadi.

Bu ro‘yxatdagilar huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etmagan, faqat huquqbuzarlikka moyilligi bor bolalar.

Bundan tashqari, ota-onasi mehnat muhojirligida bo‘lib turgan, keksa buvisi qaramog‘ida qolgan o‘quvchilar ham ichki ro‘yxatga kiritiladi. Ular hech qanday yomon ish qilmagan, faqat bunday bolalar bilan ko‘proq ishlanadi, murabbiy biriktiriladi, to‘garaklarga jalb qilinadi.

Top