21:56 / 24.02.2022
29331
“O‘zbekiston mustaqilligini cheklovchi jiddiy omil” - Rabbimov Rossiyaning info-qurollaridan ogohlantirdi

O‘zbekistondagi senzura jamiyatni Rossiya kanallarini ko‘rishga majbur qildi, bu esa Rossiyaga xohlagan paytda O‘zbekistondagi ichki vaziyatni izdan chiqarish imkonini beradi, deydi siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov Rossiya nazoratidagi ommaviy axborot vositalarining O‘zbekiston jamiyatida haddan tashqari katta o‘ringa ega ekanidan xavotir bildirdi. U Ukrainadagi vaziyat yuzasidan Kun.uz'ga bergan intervyusida Kreml bir kun kelib o‘zbek mediamakonida katta ta’sirga ega ekanidan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishi mumkinligidan ogohlantirdi.

“Internetdagi izohlarga qaraydigan bo‘lsangiz, juda ham ko‘p o‘zbeklarimiz Rossiyaga moyil ekani ko‘rinadi. Ular aytadiki: “Rossiya bizni boqayotgan davlat, biz u yerda millionlab kishi bo‘lib ishlayapmiz va pul jo‘natyapmiz”, deydi. Mana shu ham aslida korrupsiya va davlatga bo‘lgan ishonchning past ekanini ko‘rsatadi. Ya’ni ular Rossiya va O‘zbekiston jamiyatini qiyoslab ko‘radi, u yerda korrupsiya nisbatan past, ishlash imkoniyatlari ko‘proq bo‘lgani uchun ham qiyosiy tahlilda Rossiya jozibaliroq siyosiy tizim bo‘lib ko‘rinadi.

Rossiyaning axborot resurslari nihoyatda katta. Biz qattiq avtoritarizm davrini boshimizdan kechirdik va o‘tgan 30 yil ichida layoqatli, mustaqil axborot makonini shakllantira olmadik. O‘zbekistondagi senzura butun bir O‘zbekiston jamiyatini Rossiya kanallarini ko‘rishga majbur qildi.

Biz Rossiyadan haligacha axborot olishda davom etyapmiz. Rossiya juda katta, gigant axborot makoniga ega. Uning orbitasidan chiqib ketish imkoniyati juda ham past. Mana bu, bir tomondan, qattiq avtoritarizm, ikkinchi tomondan, jamiyatdagi korrupsiya va monopoliyalar ko‘pchilik aqli va yuragi bilan Rossiyaga moyil bo‘lib qolishiga sabab bo‘lyapti.

Bu – O‘zbekistonning ichki muammolari. Mana shu narsa hal bo‘lmasa, Rossiya xohlagan paytda bizning ichki vaziyatimizni izdan chiqarish imkoniyatiga ega. 2010 yilda Qirg‘izistondagi Bakiyevlar oilasini kim hokimiyatdan yiqitdi? Bu – Rossiya. Ya’ni Rossiya o‘zining ommaviy axborot vositalari orqali bir tomondan Qirg‘iziston xalqining ko‘tarilishiga, ikkinchi tomondan geosiyosiy bosim qilish orqali hokimiyatni yiqitdi.

Mana shunday resurs Rossiyada bor. Rossiya buni juda ham yaxshi biladi. Shuning uchun ichki islohotlar, ma’muriy-siyosiy islohotlar O‘zbekistonda juda ham katta zarurat deb o‘ylayman”, – deydi siyosatshunos.

“Globallashgan dunyoda axborot bilan hazillashilmaydi”

Rabbimov, shuningdek, Facebook'dagi sahifasida ham ayni masala yuzasidan fikrlari bilan bo‘lishdi.

“O‘zbekistonning yirik siyosiy muammolaridan biri – mustaqil, ishonchli, aholining mutlaq aksariyat qismini qamrab ololadigan va tashqi axborot xurujlaridan bemalol himoya qila oladigan axborot makoni, axborot hududi mavjud emasligi.

Agar, nimadir bo‘lib, Rossiya OAVlari O‘zbekiston davlatiga, hukumatiga qarshi agressiv va juda katta hajmdagi axborot oqimini yaratsa, va bu bilan O‘zbekistondagi vaziyatni chayqashni maqsad qilib qo‘ysa, rasmiy Toshkent hech narsa qila olmay qoladi. Bu katta muammo! Bu juda katta siyosiy muammo. Bu O‘zbekistonning siyosiy va geosiyosiy mustaqilligini cheklovchi jiddiy omil”, – deydi siyosatshunos.

Rabbimov Rossiya o‘z propagandasini O‘zbekistonda keng yoyishiga imkon berib qo‘yilganining oqibatlari haqida ham to‘xtaldi.

“Hozir O‘zbekistonda millionlab mahalliy qiyofali, O‘zbekiston pasportli va qora ko‘zli “Rossiya vatandoshlari”yashab yurishibdi. Ular o‘zlarini o‘zbek, tojik, qoraqalpoq va h.k. hisoblashadi, lekin, aslida ongi va shuuri bilan to‘liq Rossiyaning tarafdorlari, askarlari hisoblanishadi. Agar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ziddiyat chiqsa, ular O‘zbekiston davlati va hukumatini qoralashga, qarshi turishga moyil bo‘lishadi. Globallashgan dunyoda axborot bilan hazillashilmaydi. Ishonchli va katta oqimdagi axborot – haqiqiy hokimiyatning asl manbayi hisoblanadi”, – dedi u.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top