10:50 / 25.02.2022
10829

Toshkentda «prava» almashtirish uchun «so‘nggi mijozgacha» ish rejimi joriy etildi - DXA

Toshkent shahrida haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun “so‘nggi mijozgacha” ish rejimi joriy etildi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi xabar bermoqda.

Foto: Kun.uz / Ma'rufjon Asqarov

Qayd etilishicha, Davlat xizmatlari agentligi davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyuruvchi fuqarolar, jamoatchilik vakillari va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari fikri va takliflarini tahlil qilgan.

Eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagiga almashtirish so‘nggi muddati o‘tgan yili dekabr oyidan, 2022 yil 31 dekabrga qadar uzaytirilgan va bu jarayon 4 bosqichda amalga oshirilishi belgilangan. 

Eski haydovchilik guvohnomalari quyidagi muddatlarda yangisiga majburiy almashtiriladi:

  • 2010 yilgacha berilganlari – 2022 yil 31 martgacha;
  • 2010 – 2012 yillarda berilganlari – 2022 yil 30 iyungacha;
  • 2013 – 2015 yillarda berilganlari – 2022 yil 30 sentyabrgacha;
  • 2015 yildan keyin berilganlari – 2022 yil 31 dekabrgacha.

“Muammoning asosiy sababi - 2022 yil 31 mart kuni eski guvohnomalarni almashtirish birinchi bosqichi yakunlanishi, 2010 yilgacha berilgan eski "prava"lar haqiqiy emas deb hisoblanishi va belgilangan muddatda hujjatini almashtirmaganlar soni ko‘pligi. Bu esa, tabiiyki, markazlarga tashrif buyuruvchilar oqimi sezilarli ortishiga sabab bo‘lgan”, deyiladi xabarda. 

DXA mas’ullari tomonidan DXMlarga xizmatdan foydalanish uchun tashrif buyuruvchilar ko‘pligi, jumladan, ular orasida hududlardan ham tashrif buyurayotganlar oz emasligini, shuningdek, fuqarolarga ushbu davlat xizmatini ko‘rsatishda qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida, Toshkent shahrining Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Yakkasaroy, Sergeli, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Olmazor, Yunusobod tumani Davlat xizmatlari markazlarida 2022 yilning 21 fevral kunidan boshlab “so‘nggi mijozgacha” ish rejimi tashkil qilindi. Buning uchun ish grafigi mehnat qonunchiligi doirasida qayta ko‘rib chiqilgan.

Bunda, yuqorida qayd etilgan DXMlar orqali haydovchilar dushanbadan juma kuniga qadar ertalab soat 9:00 dan kechgacha hamda shanba kuni soat 09:00 dan 13:00 ga qadar xizmatdan foydalanishi mumkin.

Eski "prava"ni yangisiga almashtirish uchun nafaqat DXMlarga, balki bevosita vakolatli idora - IIBB YHXB bo‘limlariga ham murojaat qilish mumkin.

“DXA davlat xizmatlarini taqdim etish jarayonida qulayliklarni yaratishda davom etadi. Xizmat ko‘rsatish jarayonida IIV axborot tizimida ayrim holatlarda uzilishlar kuzatilishi mumkin. Sizlardan ham xizmatlardan foydalanishda tartibni saqlashingizni, navbatga rioya qilishingizni hamda o‘zaro hurmatni saqlab, sabrli bo‘lishingizni so‘rab qolamiz”, deyiladi ma’lumotda.

Top